Jamiyat | 10:47 / 22.02.2017
5555
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: AQShda geymer 24 soatlik marafon chog‘ida hayotdan ko‘z yumdi

Amerikaning Virjiniya shtatida istiqomat qiluvchi kompyuter o‘yinlari ishqibozi Brian Vigneault 24 soatlik xayriya marafoni chog‘ida World of Tanks o‘yinini o‘ynayotganda hayotdan ko‘z yumdi, deb yozmoqda Sun nashri.

Gazeta ma'lumotlariga ko‘ra, marafon translyatsiyasini Twitch sayti olib borgan. Marafondan maqsad Make-A-Wish Foundation xayriya jamg‘armasiga mablag‘ yig‘ish bo‘lgan. Bu jamg‘arma og‘ir kasallikka uchragan bolalarning orzu-istaklarini ijro etishga yordamlashadi. 

Poshybrid laqabi bilan tanish bo‘lgan Brian o‘yinning 22-soatida chekish uchun biroz vaqtga o‘yinni tark qilgan va shundan so‘ng qaytib kelmagan. Moderatorlar va tomoshabinlar uning uxlab qolganini taxmin qilishgan. 

O‘sha kuni kechqurun geymerning tanishlaridan biri uni "onlayn" holatida ko‘rgan va  maktub yo‘llagan. Bunga javoban, o‘zini politsiya boshqarmasining detektivi deb tanishtirgan kishi Brian Vigneault vafot etganini ma'lum qilgan. 

Virjiniya shtati politsiyasi hodisa tafsilotlarini keltirmagan bo‘lsa-da, Brian Vigneault o‘limini tasdiqlagan. Geymerlar jamiyati shu munosabat bilan Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi Brian Vigneault sahifasida hamdardlik izhor qilgan.

Mavzuga oid