Jahon | 13:52 / 23.02.2017
7455
2 daqiqa o‘qiladi

Politsiya Trump Tower’ni qo‘riqlash uchun 25 million dollar to‘lab berishni talab qilmoqda

Foto: AP

Nyu-York politsiya departamenti AQSh Kongressiga Trump Tower osmono‘par binosini qo‘riqlash uchun 25 million dollardan ko‘proq mablag‘ to‘lab berishni talab qilib murojaat qildi. Binoda Donald Tramp va uning oilasi saylovlar yakunlanib, inauguratsiyaga qadar yashagan. Politsiyachilar binoni hozir ham kechayu-kunduz qo‘riqlashga majbur bo‘lishmoqda, bunga qo‘shimcha mablag‘lar sarf etilmoqda, deb xabar qiladi Politico.

Nyu-York politsiyasi boshlig‘i Jyeyms O’Nilning ta'kidlashicha, prezident yoki uning oilasi vakillarining Nyu-Yorkka har gal kelishi shahar politsiyasiga har kuni 127-146 ming dollarga tushadi. Shuningdek o‘t o‘chirish departamenti osmono‘par binodagi profilaktika choralari uchun xarajatlarni bir yilda 4,5 million dollarga oshirishga majbur bo‘ladi.

Politsiya departamenti boshlang‘ich hisob-kitoblar asosida hukumatdan 35 million dollar talab qilishni rejalashtirgandi, biroq jiddiy tekshiruvdan so‘ng summa miqdori pasaydi.

Kongress esa departament bayonotiga javoban mahkamaga yetti million dollar to‘lab berdi. Nyu-York hokimi Bill de Blazioning ma'lum qilishicha, Vashington buning uchun qo‘shimcha mablag‘larni albatta o‘tkazib beradi.

AQSh prezidenti Nyu-Yorkka 2017 yilning 20 yanvar kuni Oq uyga ko‘chib o‘tganidan beri kelmadi.

2017 yilning 13 yanvaridan Bloomberg nashri Trampni qo‘riqlash uchun sarf-xarajatlarning o‘ziga xos hisob-kitobini yurita boshladi. 2017 yilning 23 fevral holatiga ko‘ra Tramp va uning oilasini himoya qilish uchun Nyu-York hukumati 35 million dollar sarfladi.

2016 yilning noyabrida Nyu-York hokimi Manxettendagi osmono‘par binoni qo‘riqlashga har kuni 50 nafar politsiyachi talab etilishini xabar qilgandi. Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, bunday qo‘riqlash yo‘l harakatini murakkablashtirib, shahar aholisiga jiddiy qiyinchilik keltirib chiqarmoqda.

Mavzuga oid