Fan-texnika | 12:52 / 28.02.2017
40169
5 daqiqa o‘qiladi

VIP-shaxslar uchun ishlab chiqilgan 12ta zirxli mashina

Texnikalarning zirxli bo‘lishi faqatgina jang maydonida asqotmaydi. Shunday insonlar borki, ularning hayotiga tinch vaqtdayam tahdidlar bo‘lib turadi. Aynan ular uchun maxsus avtomobillar (ba'zi hollarda barcha xohlovchilar uchun ham) ishlab chiqiladi. Ularning himoya qilish xususiyatlari qay darajada ekani, ta'bir joiz bo‘lsa, birinchi snaryad tekkuncha sir tutiladi. Quyida bugungi kundagi eng ko‘zga ko‘ringan 12ta zirxli mashina haqida ma'lumot beramiz. 

Packard Twin-Six Limousine – yashirin zirxli avtomobillarning eng birinchilaridan biridir. U Xitoy quruqlik va dengiz qo‘shinlari generalissimusi Chjan Tszolinning buyurtmasi asosida 1921 yilda ishlab chiqilgan. Mashinani o‘sha vaqtda Nyu Yorkda faoliyat yuritgan Brooks-Ostruk firmasi yasagan. 

Mercedes-Benz 540 K Special Roadster – «Ko‘k G‘oz» – reyxsmarshal German Gering buyurtmasi asosida kuzovi va oynalari zirxlangan ekssentrik rodsterdir. Uni 1945 yil mayida Amerika armiyasi egallab olgan va hozirda AQShda. 

Mercedes-Benz S-tasnifidagi Guard – W116 kuzovida barpo etilgan va zavodning o‘zida zirxlangan ilk mashinalardan biri. 350 SE shassisiga qurilgan bu avtomobildan 100ga yaqin ishlab chiqilgan, xolos. Uning oynalari tushirilmagani sababli havoni sovutish tizimi juda kuchli.

Mercedes-Maybach Pullman S600 Guard – VR9 tasnifi bo‘yicha himoya qilingan bo‘lib, uning oynasi ham 7.62 kalibrli avtomatik quroldan uzilgan o‘qlarga hamda 15 kg trotil kuchiga teng bo‘lgan va 2 metr uzoqlikda sodir etilgan portlashga bardosh bera oladi. Mashina narxi 1,4 million yevro turadi.

BMW 760 Li Security – BMW kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan eng zirxli mashina hisoblanadi. BMW 760 Li Security F03 kuzoviga ega. Himoya tasnifi – VR7 bo‘lib, unga bosimi past holda 50 kmgacha harakatlanish imkonini beruvchi Michelin PAX shinalari o‘rnatilgan. 

Audi A8 Security – Germaniya avtomobilsozligining mashhur uchligidan biri ishlab chiqqan mashina. U Audi brendining eng yaxshi zirxli namunasi hisoblanadi. Himoyasi VR9 va ERV 2010 standartlariga mos keladi. Ushbu modelni W12 (500 ot kuchi) yoki 4.0 TFSI (435 ot kuchi) motorlari bilan buyurtma berish mumkin. 

Range Rover Sentinel – zavodda zirxlangan avtomobillarning yana bir namunasi. Uni zavodning SVO sho‘'ba korxonasi ishlab chiqqan. Mashina zirxi ikkita DM51 granatasi va 7.62 mm kalibrli o‘qqa bardosh beradi. Himoya tasnifi – VR8, bu yo‘ltanlamaslar uchun unchalik ham yomon natija emas. Sentinel 400 ming yevro atrofida baholangan. 

INKAS Mercedes-AMG G63. Aytish joizki, INKAS kompaniyasi seriyali avtomobillar negizida maxsus mashinalar ishlab chiqarish borasida katta tajribaga ega. U, shuningdek, inkassatorlar, politsiya va boshqa xizmatlar uchun zirxli avtomobillar yetkazib beradi. Firmaning ajoyib loyihasidan biri – Mercedes-AMG G63 negizida barpo etilgan limuzindir. U ikkita DM51 granatasi va 7.62 mmli o‘qlarga bemalol dosh beradi. 

Dartz Prombron – eksklyuziv yo‘ltanlamas hisoblanadi. Uni yashirin zirxlangan avtomobillar qatoriga qo‘shib bo‘lmaydi, aslida. Biroq ular GM kompaniyasiga tegishli o‘ta kuchli (8,1 litr hajmli benzin yoki 6,6-litrli turbodizel) motorlarga, V7 himoya tasnifiga mos keluvchi 10 sm qalinlikdagi oynalarga ega. 

ZiS-115 – sobiq ittifoq hududida ishlab chiqilgan birinchi zirxli avtomobil. Uni g‘ildiraklariga o‘rnatilgan qalpoqchalari va bamperining markazidagi yoritqichdan bilib olish mumkin bo‘lgan. Shu kabi mashinada Iosif Stalin harakatlangan.

ZiL-41052 – aytish mumkinki, Sovetlar mamlakatining eng so‘nggi zirxli mashinalaridan biridir. Undan atigi 13 dona ishlab chiqilgan. Uzunligi 6 metr bo‘lgan 5,5 tonnalik limuzin 315 ot kuchiga ega V8 motor yordamida harakatlangan. Zirxining qalinligi 4 sm.li plastinalardan iborat bo‘lgan. Maxsus «Granit» shinalari va uch bosqichli avtomatik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan.

Cadillac «The Beast» – yangi «Maxluq» AQSh prezidenti Donald Trampning inauguratsiyasida namoyish etilishi kerak edi. Biroq GM konserni eng kuchli himoyalangan avtomobil taqdimotini ortga surdi. Bunga sabab sifatida qo‘shimcha sinovlar ko‘rsatilmoqda. Ta'kidlash kerak, Cadillac «The Beast» ko‘rsatkichlari xususida ishonchli ma'lumotlar mavjud emas. Ammo, uning vazni 8 tonnaga yaqinligi, kapoti ostiga turbodizel dvigateli o‘rnatilgani, eng yuqori tezligi soatiga 100 km. bilan cheklangani aniq. Mashina GM konserni yuk mashinasi shassisida ishlab chiqiladi.