Sport | 18:09 / 02.03.2017
7621
3 daqiqa o‘qiladi

«Sen qo‘rqoqsan!». O‘zil o‘z kitobida Mourino bilan janjalini esladi

«Arsenal» yarim himoyachisi Mesut O‘zil o‘z avtobiografiyasida «Real»da o‘ynaganida Joze Mourino uning o‘yinidan qoniqish hosil qilmagan bir vaziyatni eslab o‘tgan.

«Mourino menga qichqirdi: «Sen ikki marta chiroyli pas berib qo‘yish yetarli deb o‘ylaysanmi? O‘zingni yaxshi o‘ynayman deb hisoblaysan, ammo 50 foiz kuch bilan o‘ynay olasan, xolos».

U pauza saqladi, menga qisilgan qirg‘iy ko‘zlari bilan qaradi. Men ham unga qarab turar edim. Biz xuddi ikki bokschi birinchi raund oldidan bir-biriga tikilgani kabi bir-birimizga tikilardik.

Joze hech qanday emotsiya ko‘rsatmasdi, u shunchaki mening javobimni kutardi. Men o‘sha lahzada uni qanchalar yomon ko‘rgandim. Lekin umuman olganda undan nafratlanmayman.

[Bahs davom etadi. O‘zil Mourinoga qarata «Real» futbolkasini irg‘itadi va uni kiyib, o‘zi futbol o‘ynashini taklif etadi].

Mourino esa baqiradi: «O, sen taslim bo‘layapsanmi? Sen shunaqa qo‘rqoqsan! Nimani tanlaysan? Issiq dush qabul qilib olib, yolg‘izlikda yaxshilab o‘ylashnimi? Yoki jamoadoshlaringga, fanatlarga va menga nimalarga qodir ekaningni ko‘rsata olasanmi?

[O‘zil dushni tanlaydi]», – deya O‘zilning kitobidan iqtibos keltirgan Sport Witness.

O‘zilning kitobida Mourino unga ko‘p saboq o‘rgatgani ham e'tirof etilgan.

O‘zil 2010 dan 2013 yilgacha Madrid jamoasi sharafini himoya qilgan, xuddi shu davrda Mourino madridliklar jamoasiga ustoz bo‘lgan.

O‘zilning «O‘yin sehri» nomli avtobiografik kitobida Xosep Gvardiolaning aybi bilan «Barselona»ga o‘tishi amalga oshmay qolgani, otasi tufayli «Arsenal»ga kelgani hamda Turkiya va Germaniya terma jamoalaridan birini tanlash zarurati yuzaga kelgan vaqtlar haqida ham yozib o‘tilgan. 

Mavzuga oid

E`lonlar