O‘zbekiston | 15:50 / 06.03.2017
22170
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 1 apreldan yangi aksiz markalari muomalaga kiritiladi

O‘zbekistonda 2017 yil 1 aprelidan boshlab alkogolli va tamaki mahsulotlari uchun yangi namunadagi aksiz markalari muomalaga kiritiladi, eskilari bekor qilinadi.  

U Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 27 fevraldagi «Alkogolli mahsulotlarga va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalarini joriy etish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq joriy etiladi. Qaror alkogolli mahsulotlar va tamaki mahsulotlari noqonuniy ishlab chiqarilishi va sotilishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan nazoratni yanada kuchaytirish maqsadida qabul qilingan. Qarorning to‘liq matni Lex.uz saytida e'lon qilingan

Unga ko‘ra, alkogolli mahsulotlar va tamaki mahsulotlariga yelimlanadigan aksiz markalarining yangi dizayni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi va «Davlat belgisi» davlat-ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. 

Ta'kidlanishicha, yangi namunadagi aksiz markalari amaliyotga kiritilganidan 9 oy o‘tgach, eski namunadagi aksiz markalariga ega barcha alkogolli va tamaki mahsulotlari markalanmagan deb hisoblanadi va qonunda belgilangan tartibda olib qo‘yiladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasi 2018 yil 1 yanvardan boshlab eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan alkogolli mahsulotlar va tamaki mahsulotlarini aniqlash, ularning olib kirilishi, ishlab chiqarilishi hamda ulgurji va chakana savdo tarmog‘ida sotilishining oldini olish, shuningdek ushbu mahsulotlarni belgilangan tartibda olib qo‘yish chora-tadbirlarini ko‘ra boshlaydi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga yangi namunadagi aksiz markalari joriy etilishi to‘g‘risidagi axborotni alkogolli mahsulotlar va tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar va savdo tashkilotlari e'tiboriga yetkazish vazifasi yuklangan. 

Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov zimmasiga yuklatilgan.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid