O‘zbekiston | 09:16 / 10.03.2017
61360
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent IIBB «Ozodlik» radiosi uydirmalariga raddiya berdi

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev «Ozodlik» radiosi tomonidan tarqatilgan xabarlarga raddiya berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xorijda faoliyat yurituvchi mazkur radio Toshkent shahar IIBB tomonidan tadbirkorlarning erkin ishlashiga yo‘l qo‘yilmayotgani, shaharda 2010 yildan beri turli tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchilarga nisbatan «qora niqob»lilar tadbirlari o‘tkazib kelinayotganini iddao etgan. 

Xususan, radioning ta'kidlashicha, yaqinda «Jizzax Siti» kafesiga ichki ishlar bo‘limining «qora niqobli» maxsus guruhi kechki vaqtda bostirib kirib, kafening faoliyatini to‘xtatgan. Shu bilan, garchi hukumat tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni keng targ‘ib qilayotganiga qaramay, go‘yoki shahar IIBB xodimlari aksincha yo‘l tutgan. 

Doniyor Toshxo‘jayevning alohida uqdirishicha, shahar va umuman respublika miqyosidagi ichki ishlar idoralari ham hukumat tomonidan olib borilayotgan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha siyosatga qarshi chiqmaydi, aksincha, tadbirkorlar orasida qonunga bo‘ysunmaganlarini aniqlab ularga nisbatan zaruriy choralar ko‘radi. Shu bilan birga, radio saytida ta'kidlangan ichki ishlar bo‘limlariga hukumat tomonidan byudjyetni to‘ldirish bo‘yicha jarima rejalari borligi xususidagi xabarlar ham inkor etildi. 

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, «Jizzax Siti» kafesi qo‘shmachi va fohishalar, turli yoshdagi kishilar to‘planib, mast-alast bo‘lib atrofdagi aholi tinchini buzadigan maskanga aylanib qolgani, kafening Toshkent shahar hokimining tungi soat 11:00gacha faoliyat yuritish to‘g‘risidagi buyrug‘ini bajarmayotgani xususida ko‘p bora murojaatlar kelib tushgan. Bundan tashqari, kafeda giyohvandlik moddalarini tarqatish uchun sharoitlar mavjud bo‘lgan.

Shu sababli, 2017 yil 3 mart kuni soat 23:30lar atrofida Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilib, kafeda 27 nafar fohisha, Toshkent shahrida pasport-viza tizimini buzgan shaxslar borligi aniqlanib ushlangan. Kafeda 30dan ortiq muqaddam sudlangan shaxslar borligi ma'lum bo‘ldi. Mazkur kafe rahbariga nisbatan ma'muriy javobgarlik chorasi qo‘llanilgan.

«Har bir kafe yoki boshqa shu kabi tadbirkorlik sub'yektlarining jamoat tartibini saqlashga doir qonunga bo‘ysunishi talab etiladi. Qaysi OAVda yozilishidan qat'i nazar, “Ozodlik” yoki boshqa nashrlar bo‘lsin, shu narsani ayta olamanki, ichki ishlar idoralariga yana shunga o‘xshash ma'lumotlar kelib tushsa, IIBB tomoshabin bo‘lib turmaydi, balki o‘z vakolati doirasida choralar ko‘radi. Aholi tinchligini saqlash, jinoyatchilikning oldini olish uchun harakatlarni davom ettiramiz», - dedi  Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid