O‘zbekiston | 19:26 / 14.03.2017
20592
2 daqiqa o‘qiladi

Darsga bormay internet-kafeda o‘tirgan o‘quvchilarning ota-onalariga yirik jarimalar solinadi

Bugun, 14 mart kuni Toshkent shahar hokimligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shahar hokimligi, shahar prokuraturasi, IIBB, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Xalq ta'limi boshqarmasi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi boshqarmasi, "Mahalla" xayriya jamoat fondi, "Kamolot" YoIH shahar kengashi hamkorligida qabul qilingan "2016-2017 yilgi o‘quv yilida umumta'lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda o‘quvchilar davomatini to‘liq ta'minlash, 9-sinf bitiruvchilarini o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalariga o‘qishga qamrab olishni amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qo‘shma qarorning mazmun-mohiyati yuzasidan batafsil axborot berildi. 

Tadbirda ma'lum qilinishicha, o‘quvchi o‘quv mashg‘ulotlari vaqtida internet-kafelarida bo‘lgani aniqlangan holatda, uning ota-onasi mazkur holat yuzasidan javobgarlikka tortiladi. 

O‘quvchining ota-onasi eng kam oylik ish haqining 5 baravaridan 10 baravarigacha bo‘lgan miqdorda jarima to‘lashi belgilangan.

Joriy yilning keyingi 2 oyi davomida Toshkent shahar IIBB va PG xodimlari tomonidan shaharda voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risidagi qonun talablari ijrosini bajarish maqsadida 99 marta 3 bosqichli tadbirlar o‘tkazilgan.

Bunday reydlarning birinchi bosqichida o‘quv mashg‘ulotlari paytida darsga kirmasdan internet kafelarida maqsadsiz yurgan 339 nafar voyaga yetmaganlar aniqlangan. Ulardan 112 nafarini maktab o‘quvchilari, 227 nafarini esa litsey va kollej o‘quvchilari tashkil qilgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid