Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shekspir premerasi. «Lester» ertagi davom etadimi? Kunning eng asosiy o‘yini anonsi
Bir haftalik tanaffusdan keyin bugun Yevropa chempionlar ligasining 1/8 final javob uchrashuvlari davom ettiriladi. 15 martga o‘tar kechasi 00:45da Lesterdagi «King Pauer» stadionida «Lester» Kreyg Shekspir rasmiy bosh murabbiyligi davridagi ilk uchrashuvda Xorxe Sampaoli boshchiligidagi «Sevilya»ni qabul qiladi. Tribuna.Uz kunning eng intrigasi yuqori uchrashuviga batafsil to‘xtaladi.
22 fevral kuni Ispaniyada kechgan dastlabki uchrashuvda «Sevilya» Sarabiya va Korreyyaning gollari evaziga 2:1 hisobida g‘alaba qozongandi. Mehmonlarning yagona javob goliga Jyeymi Vardi mualliflik qilgan. Bu gol lesterliklarga juda katta yordam berishi mumkin.
O‘yin oldidan
Lester

«Lester» Ispaniyadagi mag‘lubiyatdan keyin bosh murabbiyni almashtirdi. Italiyalik Klaudio Raneri iste'foga chiqarilib, javob uchrashuvi boshlanishidan ikki kun avval Kreyg Shekspir rasmiy ravishda bosh murabbiy sifatida tanishtirildi. Oradan uch hafta o‘tgan bo‘lishiga qaramay, «Lester»da keskin o‘zgarishlar kuzatildi. «Tulkilar» aynan Shekspir boshchiligida Premer-liganing ikki uchrashuvi — «Liverpul» va «Hall Siti»ga qarshi o‘yinlarda bir xil 3:1 hisoblarida g‘alaba qozondi. «Sevilya»ga qarshi o‘yingacha jamoa 10 kun dam oldi va o‘yinga yetarlicha tayyorgarlik ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Sevilya

«Sevilya» atrofida so‘nggi kunlarda yaxshi xabarlar tarqalmayapti. Jamoa sport direktori Ramon Monchi «Roma» yoki «Real»da xuddi shu lavozimda ish boshlashi gapirilmoqda. Bosh murabbiy Xorxe Sampaolini matbuot allaqachon «Barselona»ga jo‘natib bo‘ldi. Bundan tashqari, jamoaning natijalari ham yaxshi ko‘rinish olmayapti. «Sevilya» Ispaniya chempionatining so‘nggi ikki uchrashuvida «Alaves» va «Leganes»ga qarshi bir xil 1:1 hisoblarida durang o‘ynadi. Bu jamoani chempionlik uchun kurashdan deyarli chiqarib yubordi. Boshqa tomondan olib qarasak, 13 mart kuni Xorxe Sampaoli 57 yoshga to‘ldi. Andalusiyaliklar ustoziga munosib sovg‘a qilish uchun ham bu uchrashuvni o‘z foydasiga hal qilishi kerak.
Yo‘qotishlar
«Lester» tarkibida Namfalis Mendi aniq maydonga tusha olmaydi. Uning jarohat jiddiy. Shuningdek, Islom Slimanining ham maydonga tushishi so‘roq ostida qolmoqda.
«Sevilya»da esa yaqin o‘rtada safdan chiqqan futbolchilar yo‘q. Xorxe Sampaoli anchadan buyon Benua Tremulinas va Mikael Kron-Deli xizmatidan foydalana olmay kelmoqda. Bu safar ham ular andalusiyaliklarga yordam bera olishmaydi.
Taxminiy tarkiblar:
«Lester»: 1. Shmeyxel, 28. Fuks, 5. Morgan, 6. Xut, 17. Simpson, 11. Olbrayton, 4. Drinkuoter, 25. Ndidi, 26. Mahrez, 9. Vardi, 20. Okazaki
«Sevilya»: 1. Riko, 3. Mariano, 24, Merkado, 23. Rami, 18. Eskudero, 8. Iborra, 15. N'Zonzi, 17. Sarabiya, 10. Nasri, 20. Vitolo, 16. Yovetich
O‘yin oldi fikrlar
Kreyg Shekspir, «Lester» bosh murabbiyi:

«Birinchi uchrashuvdan keyin, mehmonda urilgan gol bizga ajoyib imkoniyat taqdim etishini bilgandik. Biz o‘zimizga muvaffaqiyat qozonish uchun juda qulay imkoniyat yaratib oldik. Jamoada atmosfera juda yuqori. Umid qilamanki, jamoa so‘nggi ikki uchrashuvda qo‘lga kiritgan g‘alabadagi o‘yin ritmini saqlab qoladi.
Bu degani biz «Sevilya»ga qarshi to‘liq ochiq futbol ko‘rsatamiz degani emas, Ularda tajribali va yuqori darajadagi futbolchilar bor. Ularning hujumchilari ham qo‘rqishga arzigulik. Biz hattoki penaltilar seriyasiga ham tayyorgarlik ko‘rdik. O‘yindan oldin har bitta detalgacha yaxshilab e'tibor berib chiqdik. Umid qilamanki, jamoamiz o‘ziga berilgan imkoniyatdan to‘liq foydalanib, keyingi bosqichga chiqish masalasini ijobiy hal qiladi.
Xorxe Sampaoli, «Sevilya» bosh murabbiyi:

«Tug‘ilgan kuniga eng munosib sovg‘a, nafaqat men uchun, klub uchun ham — bu YeChL chorak finaliga yo‘llanma olish. Bu tarixiy imkoniyat: klub, futbolchilar va muxlislar uchun ham. Bo‘lajak o‘yin orqali keyingi bosqichga chiqishimiz juda muhim. «Lester» o‘yinga juda qattiq tayyorgarlik bilan chiqishi tabiiy. «Liverpul» va «Hall Siti»ga qarshi uchrashuvlarda ular nimaga qodir ekanliklarini ko‘rsata olishdi. O‘sha uchrashuvlarda jamoa ustunlikka ega bo‘ldi va ko‘proq o‘sha chempion bo‘lgan o‘tgan mavsumdagi jamoaga o‘xshadi».
Mavzuga oid
21:04 / 04.09.2023
«Sevilya» Ramos qaytganini e’lon qildi
12:12 / 17.08.2023
«Manchester Siti» - Yevropa Superkubogi g‘olibi
19:46 / 30.07.2023
O‘rtoqlik o‘yini. «Man Siti» «Atletiko»ga yutqazdi, «Liverpul» «Lester»ni yirik hisobda mag‘lub etdi
05:17 / 01.06.2023