O‘zbekiston | 16:41 / 20.03.2017
9183
3 daqiqa o‘qiladi

Marg‘ilonda bayram

Boy milliy an'ana va qadriyatlarimiz, go‘zal urf-odatlarimizning amaliy namunasi, fusunkor bahorning ko‘rki sanalgan “Navro‘z” umumxalq bayrami bugun butun yurtimiz bo‘ylab o‘zgacha shukuh, cheksiz hayajon, ko‘tarinki kayfiyatda kezib yuribdi. 

Erta tongdan hamisha navqiron va qo‘hna yurt sanalgan Marg‘ilonning fayzli ko‘chalari qatori Yoshlar hiyoboni ham ana shu qutlug‘ bayram munosabati bilan yuragida ko‘klam quvonchi mavj urayotgan olov qalbli hamyurtlarimiz bilan to‘ldi. Shahardagi  bir qator ibratli va namunali deya nom olgan mahallalardan tashrif buyurgan sochu soqollari ko‘ngli kabi oppoq nuroniy otaxonlar, suvratiyu siyratidan nur yog‘ilib turadigan hoji onalarning duoyi fotihalari esa ayyomga yanada o‘zgacha ruh bag‘ishladi. 

Dunyodagi jamiki shodlik, mehru oqibat, tinchlik va farovonlik tuyg‘ulari ko‘ngillardan ko‘zlarga, yuzlarga ko‘chgandek go‘yo. Qalbidagi bor quvonchini varragiga qo‘shib yuksak samolarga baland parvoz ettirayotgan, ayniqsa xiyobonda tashkil etilgan turli attraksion va arg‘imchoqlarda miriqib uchayotgan bir-biridan shirin bolajonlarni ko‘rgan kishining vujudi esa allanechuk hayajondan hapqirib ketadi, beixtiyor bir zumga bo‘lsada bolalik chog‘lariga qaytgandek bo‘ladi, charchoqlarini unutadi... Bayram yarmarkalari dasturxonlarini bezab turgan sumalak, ko‘k somsa, ko‘k chuchvara kabi bir-biridan lazzatli bahoriy taomlar esa o‘zining yoqimli hidi bilan kishi ishtahasini qitiqlab yuboradi. 

Bir tomonda Marg‘ilonning yuzi, go‘zal husni sanalgan jilvakor xonatlasu adras kabi milliy liboslari xushbichim qomatiga yarashgan, boshlariga bahordek barq urib turgan iroqi do‘ppilar kiyib olgan kumushbibidek lobaru dilbar qizlar boy milliy etnografik qo‘shiqlarimizdan durdonalar xirgoyi qilib, ko‘ngillarga yanada o‘zgacha quvonch ulashishgan bo‘lsa, yana bir tomonda esa ota-bobolarimizdan meros bo‘lgan oppoq yaktagu choponlar kiygan belida belbog‘i bor alpqomat yigitlar o‘zbek milliy o‘yinlarimizdan sanalgan arqon tortish musoboqasida o‘zaro bellashdilar.  

Bayram dasturi viloyat, shuningdek poytaxtdan tashrif buyurgan el ardog‘idagi bir guruh xonandalarning diltortar xonishlari, qiziqchiyu askiyachilarning ko‘ngilochar xandalari bilan yanada sermazmun tarzda o‘tdi. Shahardagi archazor xiyobonida esa ayyom munosabati bilan 100 kilogramm miqdorida palov tayyorlanib, shahardagi kam ta'minlangan, ehtiyojmand  oilalalarga tarqatildi. 

Shu kuni bayram munosabati bilan shahar ichi yo‘lovchi tashish transportlari yo‘lovchilarga bepul hamda beminnat xizmat ko‘rsatdi. 

 

Mavzuga oid