Jahon | 14:58 / 20.03.2017
20097
11 daqiqa o‘qiladi

Trampning ikki oyligi: hozircha, eski hammom, eski tos

Foto: AP

Bugun, 20 mart kuni AQShning 45-prezidenti Donald Trampning o‘z vazifasiga kirishganiga 2 oy bo‘ldi. Uning hokimiyat tepasiga kelishi Amerikaning o‘zida ham, jahonda ham turli xil qarashlarni keltirib chiqardi. 

O‘tgan qisqa vaqt mobaynida milliarder va sobiq shoumen tashqi siyosat borasida o‘zini turlicha namoyon etdi. Bir jihatdan u saylovoldi va'dalarining bir qismini bajardi, boshqa tomondan qator muammolarga nisbatan sukut saqlamoqda yoki avvalgi ma'muriyat tutgan yo‘lni davom ettirmoqda. 

Xususan, Meksika bilan chegarada devor qurilishining boshlanishi, BMT va boshqa qator xalqaro tashkilotlarni moliyalash, boshqa mamlakatlarga yordam berishni qisqartirish shular jumlasidandir. Bularning barchasi raqiblarining uni qamalib olish siyosatida ayblashlariga asos bo‘ldi. 

AQShning YeI, Rossiya bilan munosabatlarini o‘rnatish istiqbollari va IShIDga qarshi kurashida noaniqlik kuzatilayapti. Yaqin Sharqda terrorizmni tezda yo‘q qilish va Rossiya bilan "kelishib olish" va'dasi hozircha amalga oshirilgani yo‘q. 

Rossiya bilan munosabatlar

Hozircha, AQSh va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarga Hamburgda bo‘lib o‘tadigan G20 sammiti doirasida Donald Tramp va Vladimir Putinning uchrashuvi aniqlik kiritishi mumkinligi aytilmoqda. Biroq, mazkur uchrashuv borasida ham aniq kelishuvlar mavjud emas. 

Ukrainadagi inqirozga barham berish masalasi Vashington va Moskva munosabatlarida muhim jihatlardan biridir. Tramp saylovoldi kampaniyasi chog‘ida bu haqda unchalik ham ko‘p gapirmagan, mazkur muammo bilan Yevropa davlatlari shug‘ullanishi kerakligini aytgan edi. Qrim masalasida esa, umuman amerikalik siyosatchilarga xos bo‘lmagan bayonotlar bergan, hatto yarim orolni Rossiyaga tegishli ekanini tan olish masalasini ko‘rib chiqishini aytgandi. 

Biroq, bularning barchasi tezda barham topdi va hammasi "o‘z o‘rnini egalladi". Dastlab, Oq uy ma'muriyati, prezident Qrimning Ukraina tarkibiga qaytarilishiga umid qilayotgani haqida bayonot bergan bo‘lsa, keyinchalik, AQShning BMTdagi doimiy vakili Nikki Heyli Rossiyani Ukrainadagi "agressiya" va "anneksiya"da aybladi. Mart oyi boshida Reks Tillerson ukrainalik hamkasbi Pavel Klimkin bilan uchrashuvidan so‘ng, "Rossiya sharqiy Ukraina va Qrim bo‘yicha talablarni bajarmas ekan" RFga qarshi sanksiyalar bekor qilinmasligini aytdi.

Albatta, bunda AQShdagi ichki siyosiy vaziyat ham ta'sir ko‘rsatdi. U yerda Tramp iborasi bilan aytganda "jodugarlar ovi" (Tramp jamoasidagi Rossiya bilan yaqin aloqada bo‘lganlarni aniqlash) boshlandi. Shu munosabat bilan Amerika prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Maykl Flinn iste'foga chiqdi. 

IShIDga qarshi "sir tutilgan reja"

AQSh tashqi siyosatidagi yana bir muhim yo‘nalish – IShIDga qarshi kurashishda ham  jiddiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmayapti. Garchi, Tramp saylovoldi kampaniyasi chog‘ida IShIDni yo‘q qilishi borasida bir necha bor balandparvoz gaplarni aytganiga qaramay, bu borada amaliy choralar qo‘llanilganicha yo‘q. Raqiblarining uni aniq rejasi yo‘qligi haqidagi ayblovlariga javoban, rejasi mavjudligini, ammo sir tutilishini aytgandi.  

Alaloqibat, Trampning hech qanday rejasi yo‘qligi ma'lum bo‘ldi. Inauguratsiyadan so‘ng, prezident Pentagonga IShIDga qarshi kurash bo‘yicha taklif berish ko‘rsatmasini berdi. Shu bilan birga, Oq uy ma'muriyati Yaqin Sharqda ikkita mahalliy ahamiyatga molik ishni amalga oshirdi. 

AQSh uzoq yillar mobaynida ilk marotaba Yamandagi "Al-Qoida"ga qarshi harbiy amaliyot o‘tkazdi. Oqibatda bir amerikalik harbiy xizmatchi halok bo‘ldi. Bir necha nafari yarador bo‘ldi. Yana bir vertolyot urib tushirildi. Bundan tashqari, amaliyot chog‘ida tinch aholi vakillari ham qurbon bo‘ldi. Shunga qaramay, Vashington maxsus amaliyot muvaffaqiyatli bo‘lganini uqdirmoqda. 

Tramp ma'muriyatining yana bir qarori Suriyaga 400 nafarga yaqin amerikalik harbiy xizmatchilarni safarbar etish bo‘ldi. Ular Raqqani IShIDdan ozod etishda mahalliy kuchlarga yordam berishi kerak. Shu bilan Amerikaning Suriya arab respublikasidagi harbiylari soni 1000 nafarga yaqinlashdi. Aslida esa, bu Obamaning ehtiyotkorona siyosatini davom ettirishdir.

Bundan tashqari, yangi ma'muriyat Suriyadagi ittifoqchilari – kurdlar va turklar o‘rtasidagi ziddiyatga barham bera olganicha yo‘q. Turklar ham, kurdlar ham Raqqani ozod etishda faol ishtirok etishni xohlamoqda. Biroq, ular bu amaliyotlarda bir-birlarining ishtirok etishini istamayapti. Vashington, o‘z navbatida, Obama davrida bo‘lgani kabi barcha tomonlar umumiy dushman – IShIDga qarshi kurash bilan shug‘ullanishi kerakligini uqdirishda davom etmoqda. Ayni chog‘da, Pentagon ma'muriyati kurdlar urushgacha bo‘lgan davrda ham Raqqada istiqomat qilganini, shunga ko‘ra, ular o‘z vatanlarini ozod qilishga haqli ekanini aytmoqda. 

Isroil-Falastin muammosini hal etish vaqti keldi

Donald Tramp Yaqin Sharqdagi boshqa bir muammo, Falastin-Isroil masalasi borasida o‘z yo‘nalishini aniqroq belgilab oldi. Prezidentning Isroil davlatiga nisbatan iliq munosabatlaridan kelib chiqqan holda, ko‘pchilik uning Tel-avivni qo‘llab-quvvatlashini taxmin qilgan edi. Biroq, u murakkab masalaga anchagina betaraf yondashmoqda. 

Avvalgi ma'muriyatdan farqli ravishda "ikki davlat" qoidasini ilgari surmasligini aytsa-da, mintaqaga tinchlik keltiruvchi har qanday taklifni ma'qullashini ta'kidladi. Shu bilan bir vaqtda, AQSh Tel-avivdagi elchixonasini Qudsga ko‘chirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ma'lum qilgan Tramp Isroilga qat'iy va'dalar berayotgani yo‘q. 

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning Vashingtonga tashrifi chog‘ida Tramp
Isroil qo‘rg‘onlar qurish masalasida "biroz sabr qilishi kerak"ligini bildirdi. Netanyaxu bu taklifni o‘rganib chiqishini aytdi. Mart oyi boshlarida, shuningdek, AQSh rahbari Falastin yetakchisi Mahmud Abbos bilan telefon orqali suhbat o‘tkazib, isroilliklar va falastinliklar o‘rtasida "bitimga kelish vaqti kelgan"ini ta'kidladi. 

Eron va KXDR avvalgidek jahon uchun tahdid

Qayd etish joizki, Eron va KXDR Amerikaning har qanday ma'muriyati tomonidan asosiy xalqaro va milliy tahdid hisoblab kelingan. Bu borada Tramp ham boshqa hamkasblaridan ajralib turgani yo‘q. Aksincha, u saylovoldi kampaniyasi chog‘ida Obamani Tehron va Pxenyan ma'muriyatlariga nisbatan juda yumshoq siyosat yuritishda ayblagan hamda Eron yadro kelishuvidan chiqish bilan tahdid solgan edi. 

Ammo, vazifasiga kirishganidan so‘ng, prezident AQShning bitimdan chiqishiga doir qadamlar tashlamadi, aksincha Eronning mintaqada beqarorlikni keltirib chiqaruvchi faoliyati haqida fikr bildira boshladi, xolos. 

Vashington BMT rezolyutsiyalariga qaramasdan raketa sinovlarini o‘tkazayotgan KXDRga nisbatan ancha faol siyosat yurita boshladi. Avval boshdanoq, Tramp ma'muriyati o‘zining mintaqadagi ittifoqchilari Janubiy Koreya va Yaponiyani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shu bilan bir qatorda, Oq uy Moskva hamda Pekin hukumatlaridan Pxenyanga ko‘proq bosim o‘tkazishlaridan umid qilayotganini aytdi. AQSh, shuningdek, KXDR bo‘yicha bir necha yillar avval muzlatilgan olti tomonlama muzokaralarga qaytish zarur, deb hisoblamasligini qat'iy ravishda bildirdi. 

Biroq, Shimoliy Koreya muammosi borasida eng jiddiy bayonotni 18 mart kuni davlat kotibi Reks Tillerson aytdi, deyish mumkin. U KXDR yadro dasturi rivojlanishi tufayli Janubiy Koreya va Yaponiyada ham yadro quroli paydo bo‘lishi ehtimolini rad etmadi. Amerikaliklar yana mintaqadagi ikki ittifoqchisini qurollantirishni ham boshladi. Janubiy Koreyada raketalarga qarshi THAAD majmualarini joylashtirish ishlariga allaqachon start berilgan. Bu RQM tizimlarining joylashtirilishi Moskva va Pekinning jiddiy tashvishiga sabab bo‘lyapti. Ayni masala borasida davlat kotibi Tillerson Xitoyga tashrifi chog‘ida bayonot berib, Koreya yarim orolidagi vaziyat tobora keskinlashib, xavfli darajaga yetganini ta'kidladi. Pekin tomoni Amerikaga "sovuqqonlikni saqlash"ni tavsiya qildi.

Amerika va Yevropa munosabatlari noaniqligicha qolmoqda

Oq uy ma'muriyati tashqi siyosat borasida Yevropa bilan ham yangicha yondashishga majbur bo‘lmoqda. YeI va NATOga doir tanqidiy fikrlarni bildirgan hamda Brexit jarayonini to‘la qo‘llab-quvvatlagan Tramp bayonotlari Yevropada xavotirlarga sabab bo‘ldi. Shunga ko‘ra, mintaqaning aksar mamlakatlari kutish pozitsiyasini egallashdi.

Ko‘pchilik Tramp va Angela Merkel uchrashuvidan so‘ng aksar savollariga javob topishga umid qilgan edi. Biroq, aftidan, avvalroq bir-birini shaxsan tanimagan va tanqid qilib kelgan ikki siyosatchining birinchi uchrashuvi tanishish mazmuniga ega bo‘lgan ko‘rinadi. Prezident Tramp Germaniya kansleri bilan qo‘shma matbuot anjumanida NATOni qo‘llab-quvvatlashini aytar ekan, oradan bir kun o‘tgach, Twitter sahifasida Germaniya "NATO va AQSh oldida qarzdor", degan fikrni ilgari surdi.

Aytish joizki, AQSh va Germaniya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar juda qalin yo‘lga qo‘yilgan. Merkelning aytishicha, GFR firmalari AQShda 750 mingga yaqin ish o‘rni barpo etgan, Germaniyaning o‘zida yuz minglab ishchilar AQSh bilan hamkorlikdan manfaatdor. GFRning AQSh iqtisodiyotiga bevosita investitsiyasi 271 mlrd yevroga yaqin, 2016 yilda Amerika Germaniya uchun eng yirik bozor bo‘lgan. 

Ammo, tahlilchilar, ayni vaqtda Tramp ichki muammolarni hal etish bilan ko‘proq band ekanini ta'kidlamoqdalar. U mamlakatida qonun chiqaruvchi va sud hokimiyati tomonidan jiddiy qarshilikka uchradi. Bunday vaziyatda, Tramp tashqi siyosatda bir necha yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni osonlik bilan tez orada hal etishini kutmasa ham bo‘ladi. 

Mavzuga oid