Fan-texnika | 17:22 / 21.03.2017
11518
2 daqiqa o‘qiladi

Video: Xitoy giperkari yangi rekord o‘rnatdi

Xitoyning NextEV kompaniyasiga tegishli Nio markasi 1360-kuchli EP9 elektr giperkarining Nyurburgringdagi “Shimoliy sirtmoq”da rekord o‘rnatgani tasvirlangan rolikni taqdim etdi. Bu haqda ilk bora o‘tgan yilning noyabr oyida ma'lum qilingandi, biroq rekordni tasdiqlovchi video endigina paydo bo‘ldi.

Giperkar trekni 7 daqiqayu 5,12 soniyada bosib o‘tdi hamda “Shimoliy sirtmoq”dagi eng tezkor elektrkarga aylandi. Bungacha bu yo‘nalishdagi rekord “Toyota” tomonidan ishlab chiqilgan EV P002'ga tegishli edi: 7 daqiqayu 22,329 soniya.

Seriyali avtomobillar o‘rtasidagi rekord 640-kuchli Lamborghini Huracan Performante superkariga tegishli ekani haqida xabar bergandik. Unga qadar esa Porsche 918 Spyder rekordchi bo‘lgan.

Ma'lumot uchun, Nio EP9 giperkari NextEV jamoasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan hamda FIA LMP1 poyga sinfining xavfsizlik bo‘yicha talablariga to‘la javob beradi. U to‘rtta elektromotor bilan jihozlangan, buning yordamida “yuzga” 2,7 soniyada chiqishi mumkin. Maksimal tezlik esa soatiga 312 kilometr. Quvvatlantirmay turib harakatlanish zaxirasi 425 kilometrni tashkil etadi.

Hammasi bo‘lib oltita elektrkar yig‘iladi. Uning qiymati – million dollardan ko‘proq.

Mavzuga oid