Iqtisodiyot | 19:33 / 22.03.2017
6897
3 daqiqa o‘qiladi

Putin Rossiya Markaziy banki rahbari vakolatini uzaytirmoqchi

Foto: TASS

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat Markaziy banki rahbari Elvira Nabiullina bilan uchrashuvda, uning bu lavozimdagi vakolatlarini yangi muddatga cho‘zdirish bo‘yicha taklifni Davlat dumasiga kiritmoqchi ekani haqida xabar berdi. Bu haqda «Interfaks» ma'lum qilgan.

Putinning ta'kidlashicha, Nabiullina Markaziy bankni jahon va Rossiya iqtisodiyoti uchun murakkab bo‘lgan paytda o‘z boshqaruviga oldi. Prezident uni rahbarligi ostida Markaziy bank “yanada muhim tartibga solish idorasiga” aylanganini aytgan.

Shuningdek Putinning ta'kidlashicha, Markaziy bank faoliyatiga Rossiya iqtisodiyotining holati bog‘liqdir. Uning so‘zlariga ko‘ra, MB Nabiullina boshchiligida “iqtisodiyotdagi vaziyatni barqarorlashtirish” va bank sohasining barqaror rivoji uchun juda ko‘p ishni amalga oshirdi. 

O‘z navbatida, Markaziy bank rahbarining prezidentga aytishicha, Rossiya moliya sektori yangi iqtisodiy talablarga moslashdi. “Daromad ham, kapital ham tiklandi, bizning fikrimizcha, bank tizimi hozirdayoq kreditlarni ko‘paytirishga tayyor”, - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi Nabiullina.

Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, Markaziy bank raisi Davlat dumasi deputatlarining ko‘pchilik ovozi bilan 4 yillik muddatga tayinlanadi. Mamlakat konstitutsiyasida MB raisi lavozimi uchun nomzod prezident tomonidan, bankning amaldagi rahbari vakolati o‘z yakuniga yetishiga uch oydan kam bo‘lmagan muddatda Davlat dumasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etilishi kerakligi belgilab qo‘yilgan. 

2017 yilning yanvarida Britaniyaning The Banker jurnali Elvira Nabiullinani Yevropadagi eng yaxshi Markaziy bank raisi deb atadi. Tahlilchilarning ta'kidlashicha, Nabiullina Rossiyada inflyatsiya darajasini 2016 yilning oxirida 6 foizlik rekord darajaga qadar kamaytirishga erishgan.

Ma'lumot uchun, Elvira Nabiullina Rossiya Markaziy bankini 2013 yilning iyunidan boshqarib kelmoqda. U 2008 yilning mayidan 2012 yilning may oyiga qadar Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri bo‘lgan. Nabiullina Markaziy bank rahbari etib tayinlangunga qadar Rossiya prezidenti yordamchisi bo‘lgan.

Mavzuga oid