Fan-texnika | 18:55 / 23.03.2017
13239
2 daqiqa o‘qiladi

Matn kiritishning yangi usuli o‘ylab topildi

Yaqinlar va tanishlarimizning xabarlariga javob yozish, ijtimoiy tarmoqlardagi yangiliklarni izohlash, qidiruv xizmatidan foydalanish va ko‘plab boshqa matnlarni terish  uchun har kuni qancha vaqt yo‘qotishimizni hisoblash qiyin. Matn kiritishning asosiy usullari u qadar ko‘p emas, lekin ularning barchasi gadjyet foydalanuvchilari orasida keng qo‘llaniladi. Shotlandiyalik olimlar matn terishning yana bir usulini o‘ylab topishdi, bu sizlarga biroz noodatiy tuyulishi mumkin. Hi-News'da shu haqida ma'lumot berildi. 

Shotlandiyaning Sent-Endryus universiteti xodimlari o‘z ixtirolarini SWiM (Shape Writing in Motion) deb atashdi. Sizda katta fablet yoki planshet bo‘lsa, unda bir qo‘lda, ba'zan esa ikki qo‘lda ham matn terish u qadar qulay emasligini yaxshi bilsangiz kerak. Ishlab chiqaruvchilar bu muammoni hal qilishga ko‘p bor urinishdi: klaviatura ikki qismga (har bir qo‘lga alohida) ajratildi, uning hajmi kichraytirildi va hokazo. Biroq shu kungacha eng qulay, asosiysi - universal qarorning o‘zi yo‘q.

Shotlandiyaliklar gigant gadjyetlar hamda mitti qurilmalarda matn terishning noodatiy usulini taklif qilishdi. Bundan buyon qurilmadagi boshqa tugmani bosib yuborishdan cho‘chimasa ham bo‘ladi. Foydalanuvchi kursorni virtual klaviaturadagi harflar bo‘yicha harakatlantirsa bo‘lgani. Hattoki tajribasiz kishilar ham bir yarim soatda daqiqasiga 32 so‘z terishgan va matn terish tezligini oshirishda davom etishgan. 

SWiM aqlli soatlar, shuningdek katta ekranli fabletlar kabi gadjyetlarga juda mos tushadi. Ishlab chiqaruvchilar zarurat tug‘ilgan taqdirda tizimni virtual reallikka ham moslashtirish mumkinligiga ishonch bildirishmoqda. 

Mavzuga oid