O‘zbekiston | 19:30 / 25.03.2017
30025
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Toshkentning Yunusobod tumanidagi yangi ko‘prik bilan tanishdi 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi Yangi shahar va Bog‘ishamol ko‘chalarini tutashtiruvchi yangi ko‘prik bilan tanishdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Bo‘zsuv kanali ustidan qurilgan mazkur ko‘prik Toshkent xalqa yo‘li va Amir Temur shohko‘chasida tirbandlikni kamaytirish, haydovchi va yo‘lovchilar ortiqcha vaqt va mablag‘ yo‘qotishining oldini olishni ta'minlaydi. 

Umumiy uzunligi 423, balandligi 5,5, kengligi 33 metr bo‘lgan 8 polosali mazkur ko‘prik “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Ko‘prik qurilish tresti” unitar korxonasining 67-ko‘prik qurilish bo‘linmasi bunyodkorlari tomonidan olti oyda qurib bitkazildi. 

Ko‘prikning ikki tomonida piyodalar uchun 2 metrli yo‘lak barpo etilgan bo‘lib, bu piyodalarga qulaylik yaratadi. 

Prezident bu yerda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishar ekan, yangi ko‘prikning poytaxtimizning Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarini tutashtirishdagi ahamiyati ulkan ekanini ta'kidladi. Ilgari ushbu tumanlardan bir-biriga avtomobilda 17-18 kilometr aylanib borilgan bo‘lsa, yangi ko‘prik foydalanishga topshirilgach, odamlarning uzog‘i yaqin bo‘ldi. 

Bunday keng ko‘lamli va ezgu ishlar tufayli poytaxtimiz yo‘llarining xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligi tubdan yaxshilanmoqda, dedi davlatimiz rahbari. 

Mavzuga oid