Jahon | 19:43 / 26.03.2017
7924
2 daqiqa o‘qiladi

Eron vakili: AQShning Mo‘suldagi jinoyatlari sud tomondan taftish qilinishi kerak

AQShning Iroqning Mo‘sul shahridagi jinoyatlari sud tomondan taftish qilinishi kerak. Bu haqda "Mehr" axborot agentligiga Eronning milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Shamhaniy ma'lum qildi.  

"AQShning terrorchilarga qarshi kurash bahonasida Mo‘sul shahridagi tinch aholiga qarshi sodir etgan harbiy jinoyatlari sud tomondan sinchkov taftish qilinishi kerak. Terrorchilarning ishlariga o‘xshash bu jinoiy harakatlar qasddan qilinmagani haqidagi gaplar AQSh javobgarligini kamaytirmaydi", deb hisoblamoqda Shamhaniy.

Uning aytishicha, "Iroq va Suriyaning hududidagi istalgan harbiy operatsiyalar bu davlatlar hukumatlarining rasmiy ruxsati asosida olib borilishi kerak". "BMT Xavfsizlik kengashi o‘zini BMTdan ustun qo‘yuvchi davlatlarga Iroq va Suriya hududiy yaxlitligi va suverenitetini hurmat qilish zarurligini ko‘rsatib qo‘yishi zarur", deb ta'kidlab o‘tdi Shamhaniy.

Oxirgi vaqtda IShIDga qarshi AQSh boshchiligidagi koalitsiya aviatsiyasi zarbalari natijasida tinch aholi orasida katta sonda qurbonlar bo‘layotgani haqidagi xabarlar paydo bo‘lmoqda. Xususan, 25 mart kuni koalitsiya aviazarbalari oqibatida G‘arbiy Mo‘sulda 100 dan ortiq fuqaro halok bo‘lgani ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid