O‘zbekiston | 00:07 / 30.03.2017
37030
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada ish vaqtida mayib bo‘lgan migrantlarga tovon puli to‘lanadi

Rossiya mehnat vazirligida Rossiya mehnat va ijtimoiy muhofaza vaziri Maksim Topilin va O‘zbekiston mehnat vaziri Aziz Abduhakimov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida vazirlar hamda Rossiya ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi raisi Andrey Kigim Rossiya va O‘zbekiston tomondan 1994 yil 9 sentabrda qabul qilingan "Ishchilarning mehnat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq jarohat olishi, kasb kasalligi yoki sog‘lig‘iga boshqacha jarohatlanish bilan ziyon yetgani uchun tovon puli olish huquqlarining o‘zaro tan olinishi haqidagi kelishuv"ning bajarilishini monitoring qilish tartibini imzoladilar.  

Monitoring kelishuvning 2- va 3-moddalariga muvofiq sug‘urta ta'minoti (ziyonni qoplash uchun to‘lov) oluvchi hisoblanuvchi hamda Rossiya va O‘zbekiston hududlarida doimiy yashovchi shaxslarga nisbatan o‘tkaziladi.

Rossiya mehnat vazirining aytishicha, monitoring o‘tkazilishi jabrlanganlarga to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lashni ta'minlashga imkon beradi.

Yuqoridagi kelishuv ishchiga mehnatda mayib bo‘lish yoki sog‘lig‘iga jarohat yetishi (jumladan, ishchining boshqa tomon hududiga ko‘chib o‘tishidan keyin mehnat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq ishlab chiqarishda baxtsiz hodisa tufayli mehnat qobiliyatining yo‘qolishi boshlanishi), vafoti orqali zarar yetishining qoplanishi tomonning ish beruvchisi tomondan amalga oshirilishini ko‘zda tutadi.

Ishchiga zarar yetishiga mas'ul ish beruvchi o‘zining milliy qonunchiliga ko‘ra tovon puli to‘laydi.

Kasb kasalligiga uchragan ishchi bir nechta tomon hududida kasb kasalligini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan sharoitlar va sohalarda ishlagan holatlarda ziyon ko‘rsatilgan ish oxirgi marta bajarilgan tomon ish beruvchisi tomondan qoplanadi.

Vazirlar shuningdek Rossiya hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston fuqarolarining tartibli jalb qilinishi haqidagi hukumatlararo kelishuv loyihasini muhokama qildilar. Loyiha bilan ijtiomiy sug‘urta va mehnat munosabatlari masalalari tartibga solinadi. 

Tomonlar ijtimoiy-mehnat munosabatlari sohasida hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar. Aziz Abduhakimov quyidagi yo‘nalishlar: mehnat migratsiyasi, ijtimoiy sug‘urtalash, mehnat muhofazasi, mehnat qonunchiligiga amal qilinishini nazorat qilish, ijtimoiy-mehnat sohasida axborot tizimlarini yaratish hamda Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalari qoidalarining amalga oshirilishi bo‘yicha tajriba almashishga qiziqish bildirdi.

Mavzuga oid