Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qashqadaryoda muzeyga e'tibor kuchayadi
Xalq deputatlari tuman Kengashidagi O‘zMTDP guruhi Qashqadaryo viloyatidagi Mirishkor tarixiy-etnografik muzeyi faoliyatini takomillashtirish masalasini sessiyaga olib chiqdi.
Muzeylar O‘zbekiston tarixiga oid qadimgi tosh yozuvlaru bitiklar, nodir qo‘lyozmalar, noyob ashyolar, osori-atiqalarni saqlab kelayotgan ma'naviyat maskanlaridir. Mamlakatda muzeylar fondini boyitish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yosh avlodni vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashdek ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Muzeylar to‘g‘risida”gi qonuni muzeylar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va takomillashtirish, ularda saqlanayotgan noyob eksponatlarni asrab-avaylash, o‘rganish va targ‘ib etishda huquqiy asos bo‘lmoqda. Mahalliy Kengashlardagi O‘zMTDP guruhlari ham partiya saylovoldi platformasi ijrosini ta'minlash yo‘lida muzeylar faoliyatini takomillashtirish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, mavjudlarini ta'mirlash kabi ishlarga bevosita ko‘maklashib kelmoqda.
Yaqinda xalq deputatlari Mirishkor tuman Kengashi sessiyasida O‘zMTDP guruhi tashabbusi bilan Mirishkor tarixiy-etnografik muzeyi faoliyatini yanada takomillashtirish masalasi muhokama etildi.
— Ushbu masalani sessiyaga olib chiqishdan oldin chuqur o‘rgandik, partiya guruhi yig‘ilishida obdon muhokama qildik, — deydi xalq deputatlari Mirishkor tuman Kengashidagi O‘zMTDP guruhi rahbari Nodirbek Nosirov. — O‘rganishlar jarayonida hududdagi Mirishkor tarixiy-etnografik muzeyi uzoq yillar davomida e'tibordan chetda qolgani, ko‘plab eksponatlar shikastlangani va yemirilgani aniqlandi. Partiya guruhi muzey tashkilotchisi Omon Burxonov 32 yil davomida to‘plagan 700ga yaqin tarixiy osori atiqa, noyob buyumlar, qadimiy qo‘lyozmalarni saqlab qolish, muzey faoliyatini takomillashtirish, uni kelajak avlodga bus-butun holicha yetkazish va targ‘ib etishga ko‘maklashish zarurligi haqida xulosaga keldi.
Darhaqiqat, Mirishkor tarixiy-etnografik muzeyi tuman yoshlarini madaniy, tarixiy va badiiy merosimiz, umumbashariy qadriyatlar, o‘tmish, ilm-fan yodgorliklari, xalqimizning turmush tarzi va an'analari, san'at asarlari bilan tanishtirishda yagona muassasa ekanligi bilan ham muhim ahamiyatga ega. Muzeyda turli davrlarga oid noyob topilma va buyumlar to‘plangan. Ajdodlarimiz bundan bir necha ming yillar avval kundalik hayotda ishlatgan ish qurollari, sopol, mis buyumlar, etnik kiyimlar, tangalar, qadimiy qo‘lyozmalar, qog‘oz pullar, zeb-ziynatu taqinchoqlar, cholg‘u asboblari shular jumlasidan. Ushbu nodir eksponatlar yoshlar dunyoqarashini yanada kengaytirishga, ularning o‘tmish tariximizdan boxabar bo‘lishiga, qolaversa, partiya dasturiy maqsadlari ijrosiga xizmat qiladi.
Sessiyada muzey faoliyatini takomillashtirish yuzasidan bir qator taklif va tavsiyalar o‘rtaga tashlandi. Qizg‘in bahs-munozaralarga boy o‘tgan yig‘ilishda bu borada jamoat tashkilotlari va fuqarolar yig‘inlarining o‘zaro samarali hamkorligini yo‘lga qo‘yish, muzey faoliyatini zamon talabi darajasida tubdan o‘zgartirish va yangi eksponatlar bilan boyitish, muzeyda turli tanlov va ko‘rgazmalar tashkil etish orqali maskan faoliyatini keng jamoatchilikka tanishtirish va ziyoratchilarni yanada ko‘proq jalb qilish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqish lozimligi ta'kidlandi.
Bildirilgan fikrlar, taklif-tavsiyalar asosida sessiya qaror qabul qildi. Qarorga muvofiq, muzey eksponatlari va kolleksiyalarini yanada boyitish, asrab-avaylash, hisobini yuritish hamda ommaviyligini oshirish uchun zarur sharoit yaratish yuzasidan ishchi guruh, muzeyda madaniy-ma'rifiy targ‘ibot, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish, homiylik mablag‘larini jalb etish kabi masalalarda ko‘mak berish maqsadida jamoatchilik kengashi tashkil etilishi belgilandi. Hokim o‘rinbosarlari, tuman xalq ta'limi muassasalari faoliyatini metodik ta'minlash va tashkil etish bo‘limi zimmasiga muzeyning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, uni muhofaza qilish, aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yuksaltirish, muzeyga o‘quvchilarning muntazam qatnovini ta'minlash, ushbu maskanda sayyor darslar tashkil etish yuklatildi. Shuningdek, muzey faoliyatini
ommaviy axborot vositalari, tuman hokimligi rasmiy sayti orqali keng yoritish, aholi o‘rtasida ommalashtirish, targ‘ib qilish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ko‘rish lozimligi ta'kidlandi.
Omon Burxonov,
muzey tashkilotchisi, O‘zMTDP faoli:
— Qadimiy sivilizatsiya beshiklaridan biri bo‘lgan yurtimizning har bir go‘shasi o‘ziga xos tarixga ega. Vatanimiz o‘tmishiga oid tarixiy, moddiy va ma'naviy yodgorliklarni to‘plash, saqlash, o‘rganish va targ‘ib qilishda muzeylarning o‘rni beqiyos. Ushbu yo‘nalishdagi ezgu ishlarga o‘z hissamizni qo‘shish maqsadida ancha yillar oldin tumanimizda ham tarixiy muzey tashkil etish niyati tug‘ilgan edi. Shu maqsadda 2004 yilda mazkur muzeyni tashkil etishga kirishdik. Biroq oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay, zarur sharoit, yetarlicha e'tibor qaratilmadi. Xalq deputatlari tuman Kengashidagi O‘zMTDP guruhi a'zolariga bo‘lgan murojaatdan so‘ng ushbu masala sessiya muhokamasiga olib chiqilib, muzey faoliyatini yanada takomillashtirish borasida muhim qaror qabul qilindi. Zero, bunday sa'y-harakatlar, eng avvalo, yoshlarni yurtimiz tarixi, noyob yodgorliklar bilan tanishtirish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim omildir. Zero, Birinchi Prezidentimizning “Yuksak ma'naviyat — yengilmas kuch” asarida ta'kidlanganidek, har qaysi xalq yoki millatning ma'naviyatini uning tarixi, o‘ziga xos urf-odat va an'analari, hayotiy qadriyatlaridan ayri holda tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu borada, tabiiyki, ma'naviy meros, madaniy boyliklar, ko‘hna tarixiy yodgorliklar eng muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qiladi.
Akrom To‘laganov, O‘zMTDP Qashqadaryo viloyat kengashi Ijroiya qo‘mitasi devoni yetakchi mutaxassisi
Mavzuga oid
07:30 / 20.11.2024
Qashqadaryo viloyati ayrim hududlarida tabiiy gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatildi
23:26 / 24.09.2024
Italiyadagi ko‘rgazmada 57 yoshli erkak xitoylik haykaltaroshning san’at asarini sindirdi
23:08 / 27.08.2024
Isroilda ota-onasi bilan muzeyga kelgan bola 3,5 ming yillik ko‘zani sindirib qo‘ydi
18:39 / 10.04.2024