Sport | 15:07 / 31.03.2017
5003
2 daqiqa o‘qiladi

Tbilisida dzyudo bo‘yicha Gran-Pri turniri start olmoqda, O‘zbekistondan 13 nafar sportchi qatnashadi

Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida 31 mart - 2 aprel kunlari dzyudo bo‘yicha xalqaro Gran-Pri turniri bo‘lib o‘tadi. Nufuzli musobaqada dunyoning to‘rt qit'asining 36 ta mamlakatidan tashrif buyurgan 251 nafar sportchi g‘oliblik uchun kurash olib boradi. 

Tbilisi Gran-Prisida O‘zbekiston terma jamoasi sharafini 13 nafar hamyurtlarimiz himoya qilishadi. Bular: -60 kg: Doniyor Sultonboyev va Muhriddin Tilovov, -66 kg:   Bahrom Inoyatov va Sardor Nurillayev, -73 kg: G‘iyosjon Boboyev va Mirzohid Farmonov, -81 kg: Sharofiddin Boltaboyev va Davlat Bobonov, -90 kg: Muhammadkarim Hurramov va Shahzodbek Sobirov, -100 kg: Bekmurod Oltiboyev va Soyib Qurbonov, +100 kg:  Boltaboy Boltayev. 

Bugun musobaqada erkaklar o‘rtasida -60 va -66 kg. vazn toifalarida bellashuvlar o‘tkaziladi. Ularda Doniyor Sultonboyev (-60 kg) ilk bahsda ozarbayjonlik Sadig‘ovga, Sardor Nurillayev (-66 kg) gruziyalik Gazashviliga, Bahrom Inoyatov (-66 kg) esa eronlik Nurizodalarga qarshi tatamiga chiqishadi. Muhriddin Tilovov (-60 kg) esa reytingda egallab turgan o‘rni evaziga birinchi bosqichdan jangsiz o‘tib, kurashni to‘g‘ridan to‘g‘ri ikkinchi bosqichdan boshlaydi. 

Shuningdek, yana uch nafar hamyurtlarimiz – G‘iyosjon Boboyev (-73 kg), Davlat Bobonov (-81 kg) va Soyib Qurbonov (-100 kg)lar ham reytingdagi o‘rinlari evaziga dastlabki saralash bosqichidan ozod etilishgan va ikkinchi bosqichga imtiyozli yo‘llanma olishgan.  

Ertaga -73 va -81 vazn toifalarida bellashuvlar o‘tkazilsa, musobaqaning so‘nggi kunida og‘ir vazndagi polvonlar (-90, -100, +100) o‘zaro kuch sinashadi. 

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilgi Tbilisi Gran-Prisida Diyorbek O‘rozboyev oltin medal sohibiga aylangan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid