Sport | 11:38 / 03.04.2017
4397
2 daqiqa o‘qiladi

Para taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston termasi Afrika ochiq chempionatida uchinchi o‘rinni egalladi

Ruanda poytaxti Kigali shahrida 31 martdan 2 aprelgacha Para Taekvondo buyicha Afrika II ochiq chempionati bo‘lib o‘tdi. Mazkur musobaqada 17 mamlakatdan 44 nafar sportchi ishtirok etdi. Musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi sharafini 4 nafar sportchi - Sarvarjon Obidjonov, Sanjarbek Muxtorov, Ziyoda Isoqova va Farhod Mamaziyoyev himoya qilishdi. 

O‘zbekiston terma jamoasi a'zolari Afrika ochiq chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etishdi va jami 4ta medalga sazovor bo‘lib, umumjamoa hisobida musobaqani kuchli uchlikda yakunlashdi. 

Farhod Mamaziyoyev finalga qadar barcha raqiblarini mag‘lub etib, hal qiluvchi bahsda Kongo Demokratik Respublikasi vakilini 9:1 hisobida taslim qildi va oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ziyoda Isoqova esa final bahsida oltin ochko evaziga marokashlik raqibasini 1:0 hisobida yengdi. Sarvarjon Obidjonov va Sanjarbek Muxtorov bronza medallarga loyiq ko‘rilishdi. 

Ma'lumot uchun, 2020 yili Tokioda bo‘lib o‘tadigan XVI Paralimpiya o‘yinlari dasturidan Para Taekvondo ham o‘rin olgan. Afrika Ochiq chempionati g‘oliblari ana shu Paralimpiya o‘yinlari uchun qimmatli 20 reyting ochkosini qo‘lga kiritishdi. Bobur Qo‘ziyev rahbarligidagi terma jamoa 4 aprel kuni Toshkentga qaytib keladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid