Iqtisodiyot | 12:30 / 06.04.2017
14524
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlari dunyoning ellikdan ortiq davlatiga sotilayapti

Ma'lumki, oziq-ovqat mahsulotlarini uzoq muddat saqlab bo‘lmaydi. Shuning uchun ham dunyoda tovarlar taqsimotida, jumladan, tez ayniydigan iste'mol tovarlarini taqsimlashda logistika markazlarining roli va ta'siri g‘oyat katta, deb yozadi “Xalq so‘zi” gazetasi. 

Shu ma'noda, mamlakatimizda tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq, 2020 yilga qadar meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash, qadoqlash va eksport qilish bo‘yicha 14 ta savdo-logistika markazini ochish ko‘zda tutilgan. Ularni barpo etishda mahsulotlarni sifatli tashish, saqlash, saralash, kalibrlash, qadoqlash, sertifikatlash hamda eksport qilishni ta'minlaydigan tegishli infratuzilma bo‘lishiga alohida e'tibor qaratilmoqda. 

Sohada olib borilayotgan ana shunday tizimli islohotlar natijasida O‘zbekiston juda qisqa davr ichida oziq-ovqat mahsulotlarini import qiluvchidan eksport qiluvchi mamlakatga aylandi. Hozirgi paytda sarxil va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlar dunyoning ellikdan ortiq davlatiga sotilayapti. Oxirgi yillarda mahsulotlarimizni import qiladigan davlatlar safi AQSh, Ispaniya, Avstriya, Polsha, Italiya, Yaponiya, Shveytsariya va boshqa davlatlar bilan yanada kengaydi. Misol uchun, Polshada O‘zbekistonning quritilgan oshqovoq, anjir, o‘rik hamda olxo‘ri mahsulotlariga talab katta bo‘lsa, Koreya Respublikasidagi iste'molchilar gilosimizga bo‘lakcha mehr qo‘ygan, ushbu mamlakatda qovunlarimiz bozori ham chaqqon. 

Ispanlar esa yurtimizda yetishtirilgan bodring, sarxil salat mahsulotlarini sevib iste'mol qilishmoqda. Loviya, no‘xat, oshqovoq, quritilgan sabzi esa avstriyaliklarda katta qiziqish uyg‘otayapti. 

Mavzuga oid