Jahon | 15:57 / 07.04.2017
12641
2 daqiqa o‘qiladi

Kreml: AQShning Suriyadagi bazaga hujumi IShIDning manfaatlari yo‘lida xizmat qiladi

AQSh qurolli kuchlarining Suriyaning Xoms provinsiyasidagi aerodromga raketa zarbalari qurolli terrorchilik guruhlari, jumladan IShID maqsadlari yo‘lida xizmat qiladi. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bayonot bergan.

«Biz Vashingtonning bu zarbalarni berishdan maqsadi nima bo‘lganini aniq bilmaymiz. Ammo bu zarbalarning amalga oshirilishi IShID va «Jyebhat an-Nusra» hamda boshqa terrorchilik tashkilotlari manfaatlariga xizmat qildi. Bu juda afsuslanarli hol», — degan Peskov.

U Rossiyaning Yaqin Sharqdagi asosiy maqsadi Suriya Qurolli kuchlariga yordam ko‘rsatish bo‘lib qolaverishini ta'kidlagan.

Kreml rasmiysi shuningdek, Qo‘shma shtatlarning amaldagi prezidenti Donald Trampning saylovoldi kampaniyasidagi va'dalari u prezidentlikda amalga oshirayotgan ishlarga mos kelmayotgani haqida qayd etib o‘tgan.

«U xalqaro terrorizmga qarshi kurash haqida ko‘p gapirdi, u IShIDni yo‘q qilishni asosiy maqsadi sifatida atadi va terrorizmga qarshi xalqaro koalitsiyani qaytadan tashkil qilishga urg‘u qaratdi. Endi ro‘y bergan voqealar esa buning aksini ko‘rsatmoqda», — degan Peskov. U Kreml bu voqealardan qattiq tashvishga tushganini qo‘shimcha qilib o‘tgan.

Bundan oldinroq, Vladimir Putin AQShning Suriya bazasiga hujumini suveren davlatga qarshi tajovuz deb hisoblashi ma'lum qilingandi.

AQSh qurolli kuchlari 7 aprelga o‘tar kechasi Donald Trampning buyrug‘i bilan Suriyaning Xoms viloyatida joylashgan aerodromga raketa zarbalari bergan. Aviazarba 4 aprel kuni Suriyaning Idlib viloyatida qo‘llanilgan kimyoviy qurolga javob bo‘lgan. AQSh rahbariyati taxmin qilinayotgan kimyoviy hujum aynan shu aerodromdan boshlangan deb hisoblamoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid