O‘zbekiston | 14:58 / 07.04.2017
12482
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ilk bor Xalqaro Press-klub ta'sis etildi

Foto: Kun.uz

Bugun, 7 aprel kuni O‘zbekistonda birinchi marta Xalqaro Press-klub (XPK) nodavlat notijorat tashkiloti davlat ro‘yxatidan o‘tdi. Shu munosabat bilan Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ushbu tashkilotga Guvohnoma topshirish rasmiy marosimi o‘tkazildi. Guvohnoma Xalqaro Press-klub raisi Sherzod Qudratxo‘jayevga topshirildi. 

Xalqaro Press-klub ijtimoiy muloqotni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, mamlakatimizda ro‘y berayotgan voqea-hodisalar, islohotlar ko‘lamini tezkor va sifatli yoritishdagi interaktiv maydonga aylanishi kutilmoqda. 

Tadbirda parlament a'zolari, yirik olimlar, davlat va nodavlat idoralari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va OAV vakillari ishtirok etishdi. Rasmiy marosimdan avval XPK Jamoatchilik kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Press-klub jamoatchilik kengashi va taftish komissiyasi a'zolari, tashkilotning rasmiy simvolikasini tasdiqlash kabi bir qator masalalar ko‘rib chiqildi. 

Xalqaro Press-klub axborot makonini rivojlantirish, mamlakat iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy hayotida bo‘layotgan o‘zgarishlar haqidagi obektiv axborotni keng xalqaro jamoatchilikka yetkazishni maqsad qilgan. Bu yerda davlat hokimiyati organlari vakillari nafaqat bajarilayotgan ishlar bo‘yicha hisobot berishi, balki jamoatchilik va jurnalistlar takliflari hamda savollariga yuzma-yuz javob berishlari kutilmoqda. Shu tariqa Xalqaro Press-klub davlat hokimiyatining shaffofligi, o‘zaro cheklovlar va muvozanat tizimi hamda mamlakatda bo‘layotgan islohotlar ustidan ijtimoiy nazoratni mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Mavzuga oid