Jahon | 10:35 / 08.04.2017
22159
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp va Si Tszinpin uchrashuvi yakunlari sarhisob qilindi. Shimoliy Koreya bo‘yicha qanday fikrga kelindi?

AQSh prezidenti Donald Tramp va Xitoy xalq respublikasi raisi Si Tszinpin ikki davlat o‘rtasidagi muzokaralarning yangi shakliga o‘tish uchun asos qo‘yishdi. Bu haqda TASSning ma'lum qilishicha, davlat kotibi Reks Tillerson jurnalistlarga aytib o‘tgan.

«Ularning uchrashuvlari ijobiy kayfiyatda va sermahsul o‘tdi», - deya ta'kidlab o‘tdi Tillerson. Uning qo‘shimcha qilishicha, ikki davlat rahbari o‘rtasidagi o‘zaro tushunish yuqori darajadagi delegatsiyalarning keyingi uchrashuvlari uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Tramp «Xitoy amerikalik ishchilar uchun bir xildagi sharoit yaratish bo‘yicha aniq qadamlarni qo‘yishi kerakligi haqida fikr bildirgan», shuningdek «bozorlarga erkin kirish ta'minlanishi kerakligini yana bir bor ta'kidlab o‘tdi».

Bundan tashqari, AQSh va Xitoy Koreya yarim orolida yadro qurolini yo‘q qilish bo‘yicha yakdil fikrda ekanliklarini tasdiqlashgan. Pekin va Vashington «KXDRni muammoni tinch yo‘l bilan hal qilishga ishontirish maqsadida hamkorlikni kengaytirish va xalqaro jamoatchilik bilan ishlashga kelishib oldilar».

Si Tszinpin AQShga 6-7 aprel kunlari rasmiy tashrif bilan keldi. Davlat rahbarlari muzokaralari Florida shtatidagi «Mar-a-Lago» qarorgohida yopiq eshiklar ortida o‘tdi. Muhokamalar markazida savdo siyosati, KXDR yadro dasturi bilan bog‘liq vaziyat, shuningdek qator mintaqaviy masalalar bo‘ldi.

Mavzuga oid