Iqtisodiyot | 07:53 / 12.04.2017
8332
3 daqiqa o‘qiladi

United Airlines yo‘lovchi bilan bog‘liq mojaro sababli 800 mln dollar yo‘qotdi

Foto: AP

United Airlines aviakompaniyasining bozor qiymati uning xavfsizlik xodimlari bir yo‘lovchini samolyotdan zo‘ravonlik bilan tushirib yuborganlari bilan bog‘liq mojarodan keyin 800 mln dollarga kamayib ketdi. Bu haqda Gizmodo nashri xabar bermoqda. 

Kompaniyaning bozor qiymati 22,5 mlrd dollardan 21,7 mlrd dollargacha tushib ketgan. 

Avvalroq USA Today nashri United Airlines xodimlari o‘zlariga samolyotda joy yetmagani sababli Chikago-Luisvill reysi yo‘lovchisini kuch qo‘llab tushirib yuborganlari haqida ma'lum qilgandi. Avval kompaniya o‘z mijozlariga joyni bo‘shatib berishlari uchun 400 dollar, so‘ngra 800 dollar taklif qilgan, biroq hech kim bunga rozi bo‘lmagan.  

O‘shanda "ortiqcha" yo‘lovchi tasodifiy tanlash yo‘li bilan tanlab olingan. Tanlab olingan yo‘lovchilardan biri, mijozlari yoniga ketayotgan shifokor samolyotni tark etishdan bosh tortganda, xavfsizlik xodimlari unga kuch ishlatishgan. Oqibatda erkak tan jarohatlari olgan, reys esa 2 soatga ushlab qolingan. Guvohlar tomondan tasvirga olingan ushbu holat videosi internetda joylashtirilgan. Keyinroq aviakompaniya rahbari Oskar Munos bo‘lib o‘tgan holat uchun tvitterda uzr so‘ragan va aviakompaniya vaziyatni o‘rganib chiqishini hamda jabrlangan erkak bilan mojaroni bosdi-bosdi qilish uchun bog‘langanini ma'lum qilgan.    

South China Morning Post nashrining yozishicha, jabrlangan yo‘lovchi xitoy millatiga mansub 69 yoshli shaxs bo‘lgan. Xitoyning Weibo ijtimoiy tarmog‘ida bu voqea 120 mln foydalanuvchining g‘azabini keltirgan va ular AQSh aviakompaniyasi xizmatlariga boykot e'lon qilishga chaqirishgan. Blogerlar ayniqsa keksa yoshli erkakka jarohatlar yetkazilganidan achchiqlanishgan. Videolardan birida uning yuzi qonga belanganini ham ko‘rish mumkin. 

The Hill nashrining yozishicha, AQSh vakillar palatasining transport va infratuzilma qo‘mitasining yuqori lavozimli mansabdor shaxsi Eleanor Xolms Norton bu voqeani muhokama qilishga chaqirgan.

Mavzuga oid