O‘zbekiston | 00:53 / 12.04.2017
139501
3 daqiqa o‘qiladi

Videoselektorda yuqori lavozimli amaldorlar iste'foga chiqarildi va hayfsanlar berildi

Bugun, 11 aprel kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Videoselektor o‘ta tanqidiy ruhda o‘tgan. Unda dunyo iqtisodiyotidagi beqaror vaziyat xususida so‘z yuritilgan.

«Shuning uchun jonni jabborga berib ishlanmasa, ertaga kech bo‘ladi», degan prezident.

Majlisda deyarli barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi rahbarlari ogohlantirish olgan, ba'zi amaldorlar ishdan bo‘shatilgan. 

«Kun.uz» manbasining ma'lum qilishicha, qo‘mita va uning tarkibiy bo‘linmalari faoliyatida samarali natijalarga erishilmagani, Vazirlar Mahakamasining 2017 yil 14 yanvardagi majlisida berilgan topshiriqlarning ijrosi yuzasidan amaliy kompleks chora-tadbirlar ko‘rilmagani hamda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti farmoni loyihasini puxta ishlab chiqishdagi shaxsiy intizomsizligi uchun Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi D.Hidoyatov lavozimdan olingan. 

Majlis davomida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Apparatining Nazorat bo‘limi boshqaruvchisi G‘aybullayev F.X lavozimidan ozod qilingan. 

O‘zbekiston Respublikasi tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi B.X. Abdusamatovga hayfsan berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Rustam Sobirovich Qosimov, O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi Zokirov B.I va uning birinchi o‘rinbosari To‘xtayev A.R ham hayfsan olgan.

Xalq ta'limi vaziri Inoyatov Ulug‘bek Ilyosovich, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi direktori Salimov Umidjon Zokirjonovich va boshqa bir qator boshqaruv organlari rahbarlari belgilangan talablar va Vazirlar Mahkamasi reglamenti qo‘pol ravishda buzilishiga yo‘l qo‘ygani tanqid ostiga olingan.

 

Mavzuga oid