Jamiyat | 17:14 / 13.04.2017
29919
3 daqiqa o‘qiladi

“Axborot” ham muammolar haqida lavhalar tayyorlay boshladi

O‘zbekiston MTRKning “O‘zbekiston” telekanali “Axborot” dasturi orqali ilk bora Chilonzor tumanidagi qator ijtimoiy muammolar ochiq oydin namoyish etildi.

Jumladan, Chilonzor tumanining uchinchi mavzesidagi 23-uy ahvoli haqida so‘z yuritildi. “Negadir uy avval boshdan yerto‘lasiz qurilgan. Boz ustiga tomidan ham tinimsiz suv oqarkan, elektr tarmoqlarining o‘ta xunuk ahvolga tushib qolganligi hudud aholisining hayotiga xavf solib turibdi”, - deyiladi ko‘rsatilgan lavhada. Shu uyda istiqomat qiluvchi fuqaroning so‘zlariga ko‘ra, uyga 2007 yilda ta'mirlash uchun mablag‘ ajratilgan, biroq natijasi bo‘lmagan. 

Bundan tashqari, ikkinchi mavzedagi yo‘llar ham tanqid qilingan. “Tasvirlar ortiqcha izohga hojat qoldirmaydi, islohotlar tobora shijoat kasb etayotgan bir vaqtda, pana-pastqamda emas, shundoq hammaning ko‘z o‘ngida, har kuni “Mana men” deb ko‘rinib turgan muammoga mutasaddilarning ko‘zi tushmaganligiga ishonging kelmaydi”, - deya hikoya qiladi jurnalist. 

Tumanning 20 mavzesi ham shu kabi muammolar qurshovida qolgan. Uy yerto‘lalari yoz-u qish suv ichida. “Bu kabi kamchiliklar albatta, uyma-uy yurilganda, oddiy xonadonlar, oddiy odamlar bilan bir qur suhbat qurilganda, ular dardi bilan yashalgandagina oydinlashadi”, - deyilgan lavhada. Tasvirlarda uylarning muammolar girdobidagi ahvoli namoyish etildi, uy-joy shirkatlari, mahalla yig‘inlari, umuman o‘rta va quyi bo‘g‘in mutasaddilarini bog‘lovchi tizim umuman ishlamayotgani tanqid qilindi.

Tumanning Chorbog‘ ko‘chasidagi 9 qavatli 8-uy avariya holatida ekaniga alohida e'tibor qaratilgan. Shu paytga qadar bu muammo yuzasidan bir necha bor murojaat qilingan bo‘lsa-da, uning yechimi haligacha negadir paysalga solib kelingan. “Bir yoqqa qiyshayib qolgan bu uy. Hamma tasdiqlaydi, bir yonga egilib qolgan. Chunki yerto‘la avval suvga to‘lardi”, - deydi shu uyda yashovchi fuqarolardan biri.

Bundan tashqari, tumanning “Beshqo‘rg‘on”, “Xirmontepa”, “Naqqoshlik” mahallalaridagi qator muammolar haqida ham so‘z yuritilar ekan, bu vaziyat yechimini kutaverib “odatiy holatga aylanib qolgan”, deya kinoyali so‘zlar bildiriladi. 

Shuningdek, lavhada tumandagi ayrim tibbiyot, ta'lim muassasalari, bozor hududidagi qoniqarsiz ahvol, notarial idoralardagi navbatda turgan kishilarga xodimlar e'tiborsizligi oddiy fuqarolarning bu boradagi ochiq-oydin noroziligi bilan birga namoyish qilingan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid