Jamiyat | 19:20 / 13.04.2017
35330
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda kartoshka tanqisligi nima uchun yuz bergani tushuntirildi

Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida "O‘zbekoziqovqatzaxira" uyushmasi raisi o‘rinbosari Nodirbek Rahbarov va uyushma tarkibidagi "Intertrade invest" MChJ bosh direktori Abduhamid Karimov bu yil kartoshka nega tanqis bo‘lgani, uning bozordagi narxi oshib ketgani bo‘yicha berilgan qator savollarga javob berdi, deb xabar bermoqda “Oila davrasida” nashri.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili respublika dalalaridan kutilganidan ancha kam kartoshka hosili yig‘ib olingan. 

“Buni issiq ob-havo ta'siri tufayli kartoshkaga kasallik tekkani va sabzavotning zararlanishi bilan izohlash mumkin. Shu sababli O‘zbekistonda kartoshka mahsuloti tanqisligi ro‘y berdi. Aholini bayramoldi va qish-bahor mavsumida qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan barqaror narxlarda ta'minlash maqsadida uyushma tarkibidagi mavjud bazalar tomonidan respublikamizga kartoshka olib kelish yuzasidan import shartnomalari imzolandi. Misol uchun, joriy yilning 31 martiga qadar 4 932 700 AQSh dollariga 14 ming 851 tonna kartoshka keltirildi. Tizimdagi korxonalar tomonidan, shuningdek, xorijdan 11 170 100 AQSh dollariga boshqa oziq-ovqat mahsulotlari ham olib kelingan”, - deya ma'lum qilishgan mutaxassislar.

Qayd etilishicha, bugungi kunda o‘zbek tuprog‘ida pishib yetilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Turkiya, Qirg‘iziston, Xitoy singari davlatlarga eksport qilinmoqda. Joriy yilning 31 martiga qadar umumiy miqdori 2 million AQSh dollarilik 10 shartnoma imzolangan. Hozirgacha 717 ming AQSh dollariga 345 tonna mahsulot eksportga chiqarildi. O‘zbekistonda 40 dan ziyod mahsulot xorijga eksport qilinmoqda.

Bundan tashqari, ta'kidlanishicha, 2017 yilning o‘zida «O‘zbekoziqovqatzaxira» uyushmasi tarkibidagi to‘qqizta korxona (loyiha tashabbuskorlari) tomonidan jami 4 ming tonnalik sovitgichli sig‘imlar yangidan quriladi, mavjudlari rekonstruksiya va modernizatsiya qilinib, ishga tushiriladi. Mazkur sovitgichli sig‘imlarni ishga tushirish uchun 5 milliard 120 million so‘m mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, «O‘zbekoziqovqatzaxira» uyushmasi tarkibidagi 56 korxonaning bari fermer xo‘jaliklari bilan shartnoma imzolagan. Unga ko‘ra, uyushma ularga 40 foiz to‘lovni oldindan amalga oshiradi. Bu yil 10 ming nafar fermer kartoshka ekishni rejalashtirmoqda.

Mavzuga oid