Jahon | 17:14 / 16.04.2017
17133
2 daqiqa o‘qiladi

Suriyada evakuatsiya karvoniga uyushtirilgan hujum qurbonlari soni ortdi

Suriyaning Halab viloyatida, Rashidin tumanida  terakt qurbonlari soni 112 kishini tashkil qildi. Bu haqda AFP xabar tarqatdi.

15 aprel kuni Idlib viloyatidagi Fua va Kefraya shia qishloqlaridan evakuatsiya qilingan aholini olib ketayotgan avtobuslar oldida terrorchi o‘zini portlatib yubordi. Oxirgi xabarlarda bu terakt oqibatida 78 kishi halok bo‘lgani ma'lum qilingandi. Qurbonlar orasida gumanitar xizmatlar vakillari hamda avtobuslarga qo‘riqchi bo‘lgan xodimlar bor. Shuningdek, ko‘plab kishilar og‘ir darajada jarohatlangan.

Hozircha terakt uchun javobgarlikni hech bir guruh zimmasiga olmadi.

Avtobuslar kolonnasi Rashidinda Jibrindagi qochqinlarni vaqtinchalik joylashtirish markaziga ketaverishda to‘xtagan edi.

Kolonnada jami 5000 kishi evakuatsiya qilinayotgan bo‘lgan. Portlashdan so‘ng avtobuslarning bir qismi muxolifat kuchlari nazoratidagi hududda qolgan.

Al-Fua va Kafrayada 2 yildan ortiq vaqt davomida qamalda bo‘lib kelgan aholini evakuatsiya qilish hukumat armiyasi va qurollangan muxolifat o‘rtasidagi yarashuv kelishuviga muvofiq bajarilmoqda. Bunga parallel ravishda "Jibhat un-Nusra"ning 2000 nafarga yaqin jangarisi Damashq yaqinidagi Zabadaniy va Madaya tog‘li kurortlaridan olib chiqib ketilmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid