O‘zbekiston | 14:01 / 18.04.2017
44071
2 daqiqa o‘qiladi

Hayfsan olgan qo‘mita rahbari tuman hokimligiga tushirildi

O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi rahbari Abdusamatov Baxtiyor Hasanovich Toshkent shahri Yunusobod tumani hokimi etib tayinlangan.

U prezident Shavkat Mirziyoyevning mart oyidagi tashrifi davomida ishdan olingan Mira'zam Mirqosimovning o‘rnida ish boshlagan.

Abdusamatov Baxtiyor 2013 yildan buyon qo‘mitaga rahbarlik qilib kelayotgandi. U undan oldinroq Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, 11 aprel kuni mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi vaqtida Abdusamatovga hayfsan berilgandi. U boshqa bir qator rahbarlar qatorida belgilangan talablar va Vazirlar Mahkamasining reglamentini qo‘pol ravishda buzilishiga yo‘l qo‘ygani aytilgandi.

Bundan oldinroq xuddi shu majlis vaqtida ishdan olingan Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Davron Hidoyatov Chilonzor tumaniga hokim etib tayinlangani xabar qilingandi.

«Favqulodda holat». Hukumatga 10 kun muhlat berildi

 

Mavzuga oid