O‘zbekiston | 09:44 / 18.04.2017
52617
2 daqiqa o‘qiladi

Migratsiya agentligi o‘tkazgan ro‘yxatga olish va test sinovi natijalari bekor qilindi

O‘zbekiston Mehnat vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining feysbukdagi sahifasida Koreya Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirishni istovchi fuqarolarni ro‘yxatga olish va anketa to‘ldirish jarayoniga oid e'lon berildi. Bu xabar linki agentlikning Telegram kanalida ham joylashtirildi, ammo rasmiy saytda hozircha bu haqida ma'lumot yo‘q.

"Sizga ma'lumki, Tashqi mehnat migratsiyasi masallari agentligi 2017 yilning 27-28-29-30 mart kunlari va 1-3 aprel kunlarida Koreya Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirishni istovchi fuqarolarni ro‘yxatga olish va anketa to‘ldirish jarayonini o‘tkazgan edi. 

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi shuni ma'lum qiladiki, mazkur ro‘yxatga olish jarayonida yuz bergan jiddiy texnik uzilishlar, Koreyada mehnat faoliyati yuritishni istovchi talabgorlar bilimini sinash jarayoni qatnashchilar orasida ko‘plab anglashilmovchiliklar va noroziliklariga sabab bo‘lganligi tufayli ro‘yxatga olish natijalari bekor qilinadi.

Koreya Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirishni istovchi fuqarolarni ro‘yxatga olish va anketa to‘ldirish jarayoni qaytadan yanada yuqori texnik imkoniyatlar va kiberhujumlardan muhofaza etilgan holda, yangicha mukammallashtirilgan tartibda qaytadan o‘tkaziladi.

Ro‘yxatga olish sanasi va tartibi haqida qo‘shimcha ma'lumot beriladi", deyilgan e'londa.

Janubiy Koreya - qulflangan diyor. Migratsiya agentligining to‘rt kunlik tomoshasi

Bundan oldinroq agentlik rahbari ishdan ketgani, endi barchasi boshidan, ro‘yxatga olish jarayonidan boshlanishi kutilayotgani xabar qilingandi.

 

Mavzuga oid