Jamiyat | 19:31 / 19.04.2017
71324
5 daqiqa o‘qiladi

Majlisbozlik - taraqqiyot “allergiya”si

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tkazilgan majlislarda davlat rahbari majlisbozliklarga emas, aksincha, amaliy ishlarga ko‘proq e'tibor qaratish zarurligi, bu davr talabi ekanligi va pirovard maqsad ham shuni belgilashi haqida juda ko‘p gapirgan. Kun.uz pochtasiga kelayotgan maktublardan birida ham ayrim tumanlardagi hokimliklar va boshqa mutasaddi tashkilotlarda majlisbozliklar hamon avjida ekanligi, bu odamlarga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani, belgilangan ishlar qolib ketib, yolg‘on gapirishlar, aldashlar yuzaga chiqayotgani tilga olinadi. Jumladan, maktubda shunday deyiladi: 

“Andijon viloyatidagi tumanlardan birida direktor bo‘lib ishlayman. Kecha tonggi oltida mashinamga o‘tirib, tuman hokimligida o‘tadigan majlisga qatnashish uchun chog‘landim, xuddi meni kimdir majbur qilgandek. Aslida bu vaziyat men uchun majburiy va ixtiyoriy holat bo‘lib qolgan. Borsang bir kun vaqt yo‘qotasan, bormasang ishingni. 

Xullas, saharlab majlisga yo‘l oldim, yo‘l-yo‘lakay qo‘shni maktab direktorlaridan 4 nafarini mashinamga o‘tkazdim. Soat 07:00da tuman hokimi yig‘ilishni ochib, bugungi kun bajariladigan vazifa, topshiriqlarni va o‘tgan kun topshiriqlarining bajarilishi bo‘yicha naq 2 soat gapirdi. Topshiriqlarni oldik va e'tiborlisi yo‘l chetlariga gul va daraxtlar o‘tqazish bo‘yicha alohida buyruq bo‘ldi. 

Tuman hokimi yig‘ilishidan chiqib, soat 09:00da Xalq ta'limi muovini majlisiga kirdik. U yerda ham hokim aytgan gaplar va topshiriqlar takrorlandi. Soat 12dan o‘tganda sillamiz qurib, tang holatda majlisdan chiqdik-da, tushlik qilish uchun to‘g‘ri kelgan kafega kirdik. Qorin to‘yib, o‘zimizga keldik, lekin ikki majlisda ko‘rilgan masalalar, berilgan topshiriqlar alg‘ov-dalg‘ov holda yoddan chiqdi. Sababi soat 13:00da tuman hokimiyati binosida “Qurilish qo‘mitasi” bo‘limi boshlig‘i bizni majlis o‘tkazish maqsadida intizorlik bilan kutardi. Soat 13:00da yig‘ilish boshlandi. Yana o‘sha vazifa va topshiriqlar 2 soat qayta tushuntirildi. Soat 16:00, endi hokim buva huzuriga. Bugungi kun tafsilotlari bo‘yicha RAPORT berish kerak. Juda hayajonli va sharafli majlis. Gerdayib o‘tiramiz, chunki topshiriqlar so‘ralganda “Buzdik”, “Qurdik”, “Ekdik”, “Yetkazdik”, “Turgazdik” va “Aytganingizdek bajardik”, deb maqtanamiz. 

Shu o‘ylar xayolimdan o‘tar ekan, yonimdagi (mening hamrohim) maktab direktoridan “Daraxtlar ekilishi nima bo‘ldi?” – deb so‘rab qoldi. Hamrohi ham shart o‘rnidan turdi-da, ikkilanmay “6 dona ko‘chat o‘tqazildi, qolgan 4 donasini ertaga ertalab o‘tqazamiz” – deb javob qaytardi. Berilgan javobdan esankirab qoldim - qanday qilib?! “O‘rtoq, axir ertalabdan beri birga bo‘lsak, qanday qilib 6 dona daraxt o‘tqazdiz?”,  deb so‘radim majlisdan chiqqach. “Eee, aka hozir nima ham deya olaman, sahardan beri majlisdaman, desam ishdan haydashadi-ku. Boshliqlar majlisdan bo‘shashmasa, kim ham ortimdan tekshiradi, bu yog‘i bir gap bo‘lar...”. 

Hokimiyat binosidagi har kungi majlislardan biri soat 20:00da barham topdi. Yana sheriklarim bilan mashinamda ortga qaytdik. Hamma jim, charchagan. Men esa bugungi kun tafsilotlari: “Kim nima dedi, qachonga aytdi, nimaga, qayerga?..”,  - barcha aytilgan, berilgan vazifalar va topshiriqlarni birma-bir saralashni boshlayman. Mening va hamrohlarim zimmasiga yuklatilgan maktab o‘quvchilariga beriladigan bugungi bilim endi nima bo‘ldi?”.

Qiziq holatlar shunday emasmi? Bunga na kulishni va na yig‘lashni bilasan kishi. Byurokratiya haqiqatda ham jamiyatni zaxarlovchi dahshatli kuchdir. U tag-tomiri bilan sug‘urib tashlanmas ekan, xuddi ajriq butun yerni rasvo qilgandek, u ham ildiz otishdan to‘xtamaydi, jamiyatni zaharlashda davom etaveradi.

 

Mavzuga oid