O‘zbekiston | 12:54 / 19.04.2017
8635
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda O‘zbek-xitoy biznes-forumi bo‘lib o‘tmoqda

19-21 aprel kunlari Xalqaro biznes-markazida O‘zbek-xitoy biznes forumi va ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. 

Forumda Xitoy vakillari orasida metallurgiya, tog‘-kon sanoati, energetika, infratuzilma qurilishi, transport, telekommunikatsiya, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda boshqa sohalardagi konsernlar, O‘zbekiston tomonidan esa tegishli vazirlik, boshqarma va korxona vakillari ishtirok etadilar.

Biznes-forumning yirik ishtirokchilari orasida “Sinogidro” Xitoy davlat gidroenergetika kompaniyasi bor ekanini ta'kidlab o‘tish joiz. Korxona energetika va infratuzilma sohasida barcha xizmatlarni ko‘rsatadi hamda dunyoning 74 davlatida umumiy hisobi 40 mlrd. AQSh dollarini tashkil etgan 580 ta loyiha ustida ishlamoqda.

Sinostal korporatsiyasi (Sinosteel Corporation) esa metallurgiya, tog‘-kon sanoati, infratuzilma qurilishi va energetika sohalarida loyihalar amalga oshiradi va yirik sanoat obektlari uchun uskunalar ishlab chiqaradi. Kompaniyaning aktivlari ichida Xitoydagi 500 ta, hamda dunyoning 40 ta davlatida 100dan ortiq loyihalar mavjud.

Biznes-forum davomida tomonlar iqtisodiyotning turli sohalarida hamkorlik o‘rnatish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini moliyalashtirish masalalarini muhokama qiladilar.

Ta'kidlab o‘tish joiz, O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida tovar aylanmasi hajmi barqaror o‘sib kelmoqda. Tashqi savdo vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yil yakuni bo‘yicha davlatlar orasida 4,7 mlrd. dollar miqdorida tovar almashilgan va 2017 yil birinchi choragida bu ko‘rsatkich 1,2 mlrd. dollarni tashkil etdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokidagi 704 korxona faoliyat yuritmoqda. Ulardan 88tasi 100 foiz xorijiy kapital asosida bo‘lishi bilan birga, Xitoy kompaniyalarining 73 vakolatxonasi va filiali mavjud.

Ushbu biznes-forum ikki davlat o‘rtasidagi samarali hamkorlikning namunasi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xitoy Xalq Respublikasiga 2017 yil may oyida bo‘lib o‘tadigan tashrifi oldidan amaliy natijalarni namoyon etmoqda.

Mavzuga oid