Jamiyat | 18:33 / 20.04.2017
14597
5 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta'lim tizimida yoshlarga oid davlat siyosati doirasida qanday natijalarga erishildi?

Bugun, 20 aprel kuni poytaxtdagi Milliy matbuot markazida “Oliy ta'lim tizimida yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishi: erishilgan natijalar va istiqboldagi vazifalar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

"Matbuot anjumanida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi mas'ul rahbar-xodimlari, boshqarma boshliqlari, oliy ta'lim muassasalari rektorlari, prorektorlari, iqtidorli talaba-yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

2016 yil 15 sentabrdan kuchga kirgan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi” sohadagi vazifalarni yangi bosqichga ko‘tardi.

Tadbirda qatnashgan "Kun.uz" muxbirining ta'kidlashicha, matbuot anjumanida bugungi kunda mamlakatimizda 59 ta mahalliy va ularning hududlarda 
11 ta filiali, hamkorlikda tashkil etilgan 7 ta xorijiy oliy ta'lim muassasasi filiali faoliyat ko‘rsatayotgani aytilgan. Bakalavriatda 260 mingdan ziyod, magistraturada 10 mingga yaqin ortiq talabalar tahsil olmoqda va ularga 22 mingdan ziyod  professor-o‘qituvchilar ta'lim bermoqda.

Ma'naviy-ma'rifiy va tarbiyaviy ishlarda muhim mexanizmlardan keng foydalanilmoqda. Jumladan, “Ma'naviyat kuni”, “Axborot soati”, “Oila-mahalla-ta'lim muassasasi” hamkorligi va “Ota-onalar kuni” va boshqalar. 

Ayni paytda 2017 yil 10 apreldan boshlab, Toshkent shahridagi barcha oliy ta'lim muassasalarida Ichki ishlar vazirligi va Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazi hamkorligida “Odam savdosi hudud, chegara tanlamaydigan mudhish jinoyatdir” mavzusida profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha Komissiya tuzish to‘g‘risida”gi F-4789-sonli farmoyishi ijrosi yuzasidan ham tizimli ravishda ishlar olib borilmoqda.  Jumladan, hozirgi kunda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazi, Yozuvchilar uyushmasi tomonidan joriy yil 10 apreldan boshlab oliy ta'lim muassasalarida kitobxonlik, mutolaa madaniyatini targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Talabalarning siyosiy-huquqiy bilimlarini boyitish, iste'dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha “Yagonasan, muqaddas Vatan!”, “Soliq  bilimdonlari”, “Tafakkur sinovlari”, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Baxtiyorlar diyori” respublika ko‘rik-tanlovlari, Talabalar teatr studiyalari festivallari hamda turli mavzularda ijodiy ishlar tanlovlari o‘tkazilmoqda.  Jumladan, “Yagonasan, muqaddas Vatan!” respublika ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichida Samarqand davlat universiteti jamoasi faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ayniqsa, “O‘zbekiston Respublikasida  yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturi” bu sohadagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi. 

Dunyoda o‘xshashi bo‘lmagan uch bosqichli noyob tizim – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va “Universiada” sport musobaqalari bo‘lajak yetuk sportchilar uchun o‘ziga xos pillapoya vazifasini o‘tamoqda. O‘zbekiston Universiadalari talaba-yoshlarimizni Osiyo, jahon va xalqaro yozgi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etishi va eng qimmatli g‘alabalarni qo‘lga kiritishlarida o‘ziga xos poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkazilgan XXXI Yozgi Olimpiada va XV Paralimpiya o‘yinlarida  O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida 25 nafar talaba sportchilarimiz ishtirok etib, 13 ta medal (3 ta oltin, 2 ta kumush va 8 ta bronza)ni qo‘lga kiritishdi.  

O‘tgan davr mobaynida talabalarning 336 nafari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, 843 nafari  “Beruniy”, 1131 nafari “Navoiy”, 552 nafari “Ulug‘bek”, 241 nafari “Ibn Sino”,  38 nafari “Imom al-Buxoriy” nomli davlat stipenidiyalari sovrindorlari bo‘lishdi. 

Mavzuga oid