Sport | 23:49 / 21.04.2017
11783
2 daqiqa o‘qiladi

Nigeriyada «Manchester Yunayted» o‘yinini tomosha qilayotgan 30 kishi halok bo‘ldi

Nigeriyada «Manchester Yunayted» muxlislari sevimli jamoalarining Yevropa ligasi chorakfinalida «Anderlext»ga qarshi javob o‘yinini tomosha qilish uchun to‘plangan futbol markazi tomiga elektr kabeli tushishi oqibatida 30 kishi tok urishdan halok bo‘ldi. Bu haqda Mirror nashri xabar bermoqda

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, 28 kishi voqea joyida, 2 kishi esa shifoxonada halok bo‘lgan. Dastlab 7 kishi halok bo‘lgani va 10 kishi jarohat olgani ma'lum qilingan.

Fojia Kalabar shahrida yuz bergan. Guvohlarning aytishicha, ular transformatorda chaqnash ko‘rishgan, shundan keyin yuqori kuchlanishdagi kabel klub tomiga tushgan. 

Mahalliy hukumat bo‘lib o‘tgan voqeani «dahshatli fojia» deb atagan va yuqori kuchlanish liniyasi ostidagi inshoot noqonuniy qurilganini aytgan. 

Fojia munosabati bilan «Manchester Yunayted» halok bo‘lganlar va jarohatlanganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi. «Bizning barcha o‘ylarimiz «Yunayted» fanatlari, ularning do‘stlari va oilalari bilan», deb aytilgan klubning tvitterdagi sahifasida.

Mavzuga oid