Sport | 12:36 / 21.04.2017
21478
3 daqiqa o‘qiladi

Prevyu: Bugun Uzbek Tigers Rossiya vakillariga qarshi ringga chiqadi

Bugun, 21 aprel kuni Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi – AIBA tomonidan o‘tkazilayotgan The World Series Boxing (WSB) - Butunjahon boks seriyalari VII mavsumida ishtirok etayotgan Uzbek Tigers bokschilari S guruhidagi so‘nggi uchrashuvini Patriot boxing team jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

Rossiyaning Perm shahrida tashkil etiladigan bahslarda har ikki jamoa ham asosan iste'dodli yosh bokschilarni sinovdan o‘tkazishga qaror qilgan. 

Patriot boxing team - Uzbek Tigers uchrashuvida ringga chiqadigan bokschilar orasida eng tajribalisi 81 kilogramm vazn toifasida mezbonlar vakili Pavel Silyagin hisoblanadi. Bu bokschi 2 yil davomida WSB turnirida mag‘lubiyatsiz ishtirok etgan va ketma-ket 7 jangda zafar quchgan. Biroq, Pavel joriy mavsumdagi ilk jangida qozog‘istonlik Arman Risbekka yutqazib qo‘ydi.

Pavel Silyaginga qarshi ringga chiqadigan O‘zbekiston vakili Madiyor Saidrahimov nufuzli turnirdagi debyutini nishonlaydi.

Sport.uz nashri baholashicha, o‘zbekistonlik bokschilar orasida o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni Mirzobek Hasanovning imkoniyatlari yuqori sanalmoqda. Bu bokschi o‘tgan yili Uzbek Tigers safida 3ta jang o‘tkazib, ikki kuchli raqibini mag‘lub etgan va bitta jangda yutqazgan.

Mirzobekning raqibi Artyom Suslenkov esa turnirdagi birinchi jangini o‘tkazadi.

Umuman olganda esa, Uzbek Tigers a'zolaridan Mirzobek Hasanovdan tashqari Abrorjon Qodirov WSB turnirida ishtirok etish tajribasiga ega. Tarkibdan o‘rin olgan uch bokschi - Ulug‘bek Do‘smurodov, Madiyor Saidrahimov va Odiljon Aslonov debyut jangini o‘tkazadi.

Patriot boxing team vakillari orasida faqatgina Artyom Suslenkov "yangi" bokschi hisoblanadi. Qolgan bokschilar - Vyacheslav Tashkarakov, Konstantin Bogomazov, Artyom Zaytsev, Pavel Silyagin o‘z jamoasi tarkibidagi uchrashuvlarda zafar quchgan.

Uzbek Tigers’ning rossiyaliklar vakillariga qarshi ringga chiqadigan bokschilari:

-52 kg: Abror Qodirov — Vyacheslav Tashkarakov
-60 kg: Ulug‘bek Do‘stmurodov — Konstantin Bogomazov
-69 kg: Odil Aslanov — Artyom Zaytsev
-81 kg: Madiyor Saidrahimov — Pavel Silyagin
+91 kg: Mirzobek Hasanov — Artyom Suslenkov

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid