O‘zbekiston | 09:23 / 25.04.2017
46620
3 daqiqa o‘qiladi

Koreya o‘zbekistonlik ishchilar uchun kvotani oshirishi va viza berishni osonlashtirishi kutilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vaziri Aziz Abduhakimov Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kvon Yon Uni qabul qildi. Bu haqda Mehnat vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuvda Koreya Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston fuqarolarini tanlab olish mexanizmlari, bu sohada tomonlar vakolatlarini aniqlashtirish, xolislik, adolat va oshkoralik prinsiplarini ta'minlashga yo‘naltirilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek O‘zbekistondan mehnat resurslari uchun kvotani oshirish va Koreyada ishlash uchun ruxsat berish jarayonini qisqartirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. 

Mehnat vaziri Koreya tomonini tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha Agentlik rahbariyati tarkibiga oid qabul qilingan kadr qarorlari, ehtimoliy ishchilarni tanlab olishning yangi mexanizmlari va usullari, jumladan, mintaqaviy kvotalar va bu jarayonni nazorat qilishga jamoatchilikni faol jalb etish bo‘yicha takliflar, aholi o‘rtasida Koreya Respublikasida qonuniy mehnat faoliyatini olib borish tartibi to‘g‘risida tushuntirish ishlari o‘tkazilishi haqida xabardor etdi. 

Abduhakimov, shuningdek, mehmonlarni Mehnat vazirligi tomonidan mehnat migratsiyasini tartibga solish bo‘yicha ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlar bilan ham tanishtirdi. Bundan tashqari, mehmonlarga Rossiya, Yaponiya va Polshada vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun fuqarolarni tashkiliy tanlab olish va jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ham ma'lumot berildi.

Kvon Yon U Mehnat vazirligi tomonidan mintaqaviy kvotalar bo‘yicha mehnat migrantlarini tanlab olish mexanizmi bo‘yicha ishlab chiqilgan yangi tashabbus va takliflar mantiqiy, adolatli va aniq natijalar berishini ta'kidlab o‘tdi. 

Tomonlar O‘zbekiston va Koreyaning mehnat migratsiyasi sohasidagi vakolatli organlari hamkorligini sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishga kelishib oldilar.

Mavzuga oid