Jamiyat | 20:29 / 25.04.2017
14285
3 daqiqa o‘qiladi

Nima uchun Antarktida ulkan yoriqlar bilan qoplanmoqda?

Foto : NSIDC/Ted Scambos

Antarktikadagi muzliklarning bunday tez erishi va ularda ulkan yoriqlarning paydo bo‘lishiga kuchli issiq shamollar sabab bo‘ldi. Yevropaning Yer haqidagi ilm-fan ittifoqi konferensiyasida qatnashgan olimlarning fikricha, bu shamollar yoz va bahor mavsumlarida muzliklar yuzasini doimiy ilitadi. 

"Biz bunga qadar ham Antarktida muzliklarining ko‘pichna yozda erishini bilar edik. Biz fyon-shamollarning (tog‘li joylarda esadigan issiq quruq shamol) sentabr oyidayoq, Antarktikada yoz boshlanishiga uch oy qolganda esishini aniqladik, muzliklar shu paytdan boshlab eriy boshlaydi. Endi esa biz bu shamollarning deyarli muntazam esishidan boxabar bo‘ldik, bu ularning muz qalqonlar holatiga qanchalik ta'sir ko‘rsatishini baholashda yordam beradi", - dedi Britaniyaning Antarktika ekspeditsiyasi a'zosi Jyenni Terton.

Fyon-shamollar ko‘pincha tog‘larda uchraydi. Ular issiq va quruq havo oqimidan iborat bo‘lib, tog‘larning tepasidan pastki qismi tomon harakatlanadi. Shu shamollar tufayli tog‘lar iqlimi ko‘pincha kutilganidan-da yumshoq bo‘ladi. Biroq ular ba'zi holatlarda qor va muzlar erishini tezlashtirib, ko‘chkilar hamda suv toshqinlarini ham keltirib chiqarar ekan. 

Terton va uning hamkasblari fyonlar - Antarktikadagi iqlimning bosh "dirijyorlari"dan biri ekanini aniqlashdi. Ular bunday shamollarning Larsen muzligi (Antarktida muz qalqonining eng zaif nuqtalaridan biri) hududida qanchalik tez paydo bo‘lishini o‘rganishdi. Ushbu muz massivning ikki yirik bo‘lagi 1995 va 2002 yillarda muzliklardan dengizga ajralib chiqqan.

Ob-havo stansiyalarining so‘nggi besh yildagi Larsen muzligini kuzatish bo‘yicha tahliliy ma'lumotlarining ko‘rsatishicha, fyonlar ko‘pincha yozgi va bahorgi mavsumlarda kutilmaganda esar ekan. Ular materikka olimlar taxmin qilganidan-da chuqur kirib borar ekan.

Tadqiqot mualliflarining fikricha, fyonlar, shuningdek erigan suvlarning ko‘l va irmoqlari muzliklarning yuqori qismida ko‘plab ulkan yoriqlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin. 

Mavzuga oid