Fan-texnika | 19:26 / 26.04.2017
14977
4 daqiqa o‘qiladi

Amerikaliklar eng ajoyib avtomobil salonlarini tanlashdi

Amerikaning Wardʼs Auto jurnali 2017 yilning eng yaxshi 10ta avtomobil intererini tanladi. Nashr muharrirlari 2 oy mobaynida 31ta avtomobilni o‘rganib chiqishdi. Ularning saloni qulaylik, did, samaradorlik, foydalanilgan materiallar sifati, butlovchi qismlar joylashtirilishi hamda elektron tizimlardan foydalanish qulayligi bo‘yicha baholangan. 

Aytish joizki, Ward's Auto hakamlar hay'ati top-10likni birinchi-ikkinchi o‘rinlarga taqsimlamagan, balki alifbo tartibida joylashtirishga qaror qilgan.
Ta'kidlanishicha, reytingda ishtirok etish uchun faqat Amerika avtomobil bozorida xarid qilish mumkin bo‘lgan transport vositalariga ruxsat berilgan. G‘oliblarga mukofotlar 9 may kuni Detroytda topshiriladi. 

Quyida ekspertlarning yuksak ballariga sazovor bo‘lgan 10ta avtomobil ichki dizayni bilan tanishib olasiz. 

Alfa Romeo Giulia

Nashr Italiya kompaniyasining 50,500 AQSh dollari turadigan  Giulia modelini sinab ko‘rib, ushbu ro‘yxatga kiritishga loyiq topdi. 

Bentley Bentayga

4,7 ming dollar turadigan Naim audiotizimi va uqalovchi o‘rindiqlar bilan jihozlangan Bentayga Amerika bozorida 278 ming 730 dollar turadi

Buick LaCrosse

Hakamlar sinovidan o‘tgan Buick LaCrosse narxi 50 ming 270 dollar. Intereri to‘liq yangilangan Buick flagmaniga Lincoln MKZ va Lexus ES raqib bo‘lgan.

Honda CR-V

Nashr sinoviga munosib ko‘rilgan krossover 34 ming 635 dollar turadi. Uning eng arzoni 24 ming 45 dollar tursa-da, yuqori toifadagi namunalari 32 ming 395 dollardan boshlanadi.

Lexus LC 500

Yaponiyaning reyting yakunida top-10likka kirgan yana bir avtomobili AQShda 102 ming 995 dollarga sotiladi. Umuman, oddiyroq LC 500 92 ming dollardan boshlansa, gibridli namunasi 96,5 ming dollar turadi. 

Lincoln Continental

Hakamlar e'tiborini qozongan Lincoln sedani 72 ming 870 dollardan sotiladi. Nashr shuningdek, qo‘shimcha 6 ming dollar turuvchi Black Label namunasini ham baholagan. Continental sedanining eng arzoni esa, 44,7 ming dollardir.
 
Maserati Levante

Ward's yuqori bahosiga sazovor bo‘lgan krossover 90 ming dollarga sotiladi. Umuman, AQSh bozoridagi Levante yo‘ltanlamaslari 72,6 ming dollardan boshlanadi, S modifikatsiyasi esa 83,8 ming dollar turadi.

Mazda CX-9

Mazdaning eng yirik krossoverini 45 ming 855 dollarga xarid qilish mumkin. Uning modellari jihozlanishiga qarab 31,5 mingdan 44,3 ming dollargacha narxlangan. 

MINI Countryman

Sinovlarda bo‘lgan yana bir yangi krossover. U 38 ming 450 dollardn sotiladi. Model narxi 26,6 ming dollardan boshlanadi. Barcha g‘ildiraklari yetakchi bo‘lgan Countryman S 31,1 ming dollar turadi. 37,8 ming dollar evaziga esa, kuchaytirilgan John Cooper Works namunasini sotib olsa bo‘ladi.

Subaru Impreza

Yaponiyaning yana bir mashinasi hisoblanuvchi ushbu sedan reytingda qatnashgan eng arzon mashinadir. U atigi 29 ming 260 dollar turadi. Shuni ham qayd etish kerak, bozorda xaridorlarga taklif etiladigan eng yangi «Impreza»ning arzon namunasi 18,3 ming, qimmati 24 ming dollar turadi.

Mavzuga oid