Jahon | 10:31 / 28.04.2017
20666
3 daqiqa o‘qiladi

Amerikacha do‘stlik bahosi: Tramp THAAD tizimi uchun Janubiy Koreyadan katta mablag‘ talab qildi

Foto: AFP

AQSh prezidenti Donald Tramp Koreya Respublikasiga uning hududiga Amerikaning THAAD raketaga qarshi mudofaa tizimini o‘rnatgani uchun 1 milliard dollar to‘lov uchun hisob yubormoqchi. Bu haqda Tramp Reuters agentligi muxbiriga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

Bundan tashqari, Oq uy egasi Seul bilan erkin savdo bo‘yicha kelishuvni qayta ko‘rib chiqmoqchi. U o‘zining saylovoldi kampaniyasi vaqtida bu kelishuv tufayli AQSh 100 mingga yaqin ish o‘rni yo‘qotayotgani haqida gapirgandi.

AQShning RQM tizimiga qarshi norozilik namoyishlari o‘tkazilayotgan Janubiy Koreyadagilar esa Vashingtonga pul to‘lash niyatida emaslar.

Shimoliy Koreya tangligi: AQSh bu tahdid  qarshisida chorasizmi?

Bundan oldinroq AQSh Kongressi Vakillar palatasining qurolli kuchlar masalasi bo‘yicha qo‘mitasida qurolli kuchlar Tinch okeani qo‘mondonligi rahbari Harri Harris THAAD tizimi yaqin kunlarda jangovar navbatchilikka kirishishi haqida ma'lum qilib o‘tgandi. Majmuaning to‘liq joylashtirilishi ishlari may oyida yakunlanishi kutilmoqda.

Janubiy Koreyadagi nashrlar bergan ma'lumotga ko‘ra, THAAD bir vaqtning o‘zida o‘nlab raketalarni tutib qolish imkoniyatiga ega. U TPY-2 TM radari bilan jihozlangan. Uning aniqlash radiusi 200 km atrofida ekani aytilmoqda. Bu borada rasmiy ma'lumotlar berilmagan.

Janubiy Koreya fuqarolari THAAD majmualarini norozilik bilan qarshi olishdi

Tizimning ayrim qismlari mamlakat janubiga yetkazilgan. Jumladan, Kensan-Pukto provinsiyasidagi Sondju uyezdiga 6 ta yuk mashinasida radar va boshqa jihozlar keltirilgan. 

Sondjuning yuzlab aholisi bunga qarshi chiqdi va politsiya bilan to‘qnashuvlarga kirishdi. Ular qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan mintaqa THAAD joylashtirilganidan so‘ng Shimoliy Koreya ballistik raketalariga nishonga aylanishidan tashvishlanmoqda.

AQSh ushbu tizimni KXDR tomonidan mavjud xavf tufayli Janubiy Koreyaga joylashtirdi. Bu harakat esa Xitoy hamda Rossiyada tashvish uyg‘otgan.

Xitoy Janubiy Koreyada THAAD tizimi joylashtirilishidan jiddiy tashvishda

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid