Axborot texnologiyalari vazirligi eng yaxshi jurnalistik ishlar uchun tanlov tashkil etmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mavzusida eng yaxshi jurnalistik ishlar uchun “Hamkor jurnalist” tanlovi tashkil etilmoqda.
Tanlovning asosiy maqsadi – OAV o‘rtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga bag‘ishlangan media materiallarni ko‘paytirish orqali jamiyatimizda axborotlashtirish, “elektron hukumat”, telekommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan loyihalarning fuqarolar hayoti va turmush tarzini qulaylashtirishdagi ahamiyatini keng targ‘ib qilish, aholining AKT bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish, jumladan “elektron hukumat” tizimining yangi xizmatlari va qulayliklaridan xabardor qilish, OAV vakillarini rag‘batlantirish va jamoatchilik bilan aloqalarni mustahkamlashdan iborat.
Tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, jumladan davlat va xususiy OAV – gazeta, radio, televideniye, axborot agentliklarida va internet nashrlarida faoliyat olib boruvchi jurnalistlar ishtirok etishlari mumkin.
Uning g‘oliblarini aniqlash 2 bosqich – tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etilgan media mahsulotlarni qabul qilish va saralash jarayonlaridan iborat bo‘ladi.
Tanlovga quyidagi 4 yo‘nalishdagi materiallar 2017 yilning 10 aprelidan 25 avgustiga qadar qabul qilinadi: televideniye, radio, bosma OAV, elektron OAV.
Tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan OAV vakillari o‘zlari muallifliklarida, 2017 yilning 10 aprelidan so‘ng e'lon qilingan televizion, bosma, radio va internet materiallarini joriy yilning 25 avgustiga qadar Vazirlik axborot xizmatiga taqdim etishlari kerak. Unga mamlakatimizda AKT sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar va ularning ahamiyati keng yoritilgan tahliliy-tanqidiy materiallar qabul qilinadi.
Tanlovga taqdim etilgan jurnalistik materiallar Hakamlar hay'ati tomonidan quyidagi asosiy mezonlar bo‘yicha baholanadi: mavzuning dolzarbligi, mavzuning yoritilishi – tahliliy-tanqidiy jihati, aholi uchun sodda va tushunarliligi, jurnalistik yondashuv – fikr, xulosa hamda takliflar.
AKT mavzusida eng yaxshi jurnalistik ishlar uchun tanlovining birinchi o‘rin g‘oliblari: diplom, noutbuk, tanlov statuetkasi, ikkinchi o‘rin g‘oliblari – diplom, planshet, tanlov statuetkasi, uchinchi o‘rin g‘oliblari – diplom, smartfon, tanlov statuetkasi bilan taqdirlanadilar.
Mavzuga oid
16:01 / 05.11.2024
Zulfiya nomidagi davlat mukofoti talabgorlarini tanlash tartibi belgilandi
19:41 / 30.10.2024
Toshkentga to‘rtta kirish darvozasi quriladi
09:08 / 27.06.2024
"Har bir fuqaro uchun – bir daraxt" ko‘rik-tanlovi tashkil etiladi
16:02 / 17.05.2024