Jahon | 20:10 / 01.05.2017
10023
2 daqiqa o‘qiladi

Parijda prezidentlikka nomzodlarga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi, politsiya kuch ishlatdi

Fransiya poytaxti Parij shahrida mamlakat prezidentligi uchun nomzodlar Emmanuel Makron va Marin Le Penga qarshi norozilik namoyishlari o‘tkazildi. Le Penga qarshi Fransiyadagi ko‘plab sindikatlar, xususan, "Mehnatkashlar konfederatsiyasi", CGT va FO kasaba uyushmasi a'zolari chiqishgan. Bu namoyishlar birinchi may kuni munosabati bilan o‘tkazilgan. Namoyishchilar Respublika maydonidan Nason maydoniga qadar yurib o‘tishgan.

Politsiya tartibbuzarlarga qarshi ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llashga majbur bo‘lgan.

Namoyishchilarning ba'zilari yuziga niqob taqqan holda politsiyachilar tomon shishalar va yonayotgan buyumlar irg‘itishgan. 

BFMTV telekanali ma'lumotiga ko‘ra, huquq-tartibot organlari xodimlarining kamida 3 nafari jarohat olgan. Politsiyachilardan birining kiyim yona boshlagan, uni tez orada o‘chirishgan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, to‘qnashuvlar vaqtida namoyishchilardan ham bir necha kishi jarohatlangan.

Qayd etish kerakki, bu namoyish Fransiyada saylovlarning ikkinchi turi boshlanishiga 1 hafta qolgan vaqtda, mamlakatda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan bir paytda ro‘y berdi.

 

Mavzuga oid