Light | 10:21 / 01.05.2017
14722
6 daqiqa o‘qiladi

Skandinaviyaliklarni dunyoning eng baxtli odamlari qilgan 4 qoida

Dunyoning turli davlatlaridagi olimlar jahon davlatlaridagi baxt-saodat darajasi haqida har qanday tadqiqot o‘tkazmasin, Daniya, Norvegiya va Shvetsiya doim reytingning old qatorlarida bo‘laveradi. Albatta, bu davlatlarda turmush darajasi juda yuqori, lekin gap bundagina emas: skandinavlarda bir nechta umumiy qoida mavjud bo‘lib, ularning sharofati bilan shimolliklar hayotdan bahra olishni kanda qilishmaydi.

AdMe.ru bu haqda batafsilroq o‘rganishga harakat qildi va haqiqatdan ham boshqalar o‘rgansa arziydigan jihatlar borligini aniqladi.

1. Kamtarlik va o‘zgaga hurmat

Skandinaviya davlatlarida «Yante qonuni» deb ataluvchi qoidalar majmuasi bor. Bu qoida biror joyda qog‘ozga aniq qilib tushirilmagan va individualizmga bo‘lgan huquqni aslo tan olmaydi:

- Men bir xos insonman, deb o‘ylama;
- Bizning tengimizsan, deb o‘ylama;
- Bizdan aqlliroqsan, deb o‘ylama;
- Bizdan yaxshiroqsan, deb o‘ylay ko‘rma;
- Bizdan ko‘proq narsani bilasan, deb o‘ylama;
- Bizdan muhimroqsan, deb o‘ylama;
- Barcha narsa qo‘lingdan keladi, deb o‘ylama;
- Bizning ustimizdan kulishga urinma;
- Kimningdir sen bilan ishi bor, deb o‘ylay ko‘rma;
- Bizga nimanidir o‘rgatishga qodirsan, deb o‘ylama.

Garchi skandinaviyaliklarning o‘zi bu qonun-qoidalar ustidan tez tez hajv qilib, kulib turishsa-da, u haqiqatdan ham favqulodda do‘stona va jips jamiyat hosil bo‘lishiga olib kelgan. Kamtarona bo‘lish va atrofidagi insonlarni hurmat qilish — bu skandinavcha hayot tarzi.

Bundan tashqari, bu qonun insonlarni takabbur va manman bo‘lishdan qaytaradi: bu davlatlarda o‘zining erishgan natijalaridan kekkayish va boyligini ko‘z-ko‘z qilish odat tusiga kirmagan.

2. Ish va oila o‘rtasidagi muvozanat

Skandinavlar oilaga ham, mehnatga ham yetarli vaqt ajratish naqadar muhim ekanligini chuqur his qilishadi. Daniyadagi ko‘plab ofis va tashkilotlar kechgi soat 5 da yopiladi — hech qanday me'yordan ortiqcha mehnat yo‘q, dam olish kunlari ishlash haqida esa gap-so‘z bo‘lishi ham mumkin emas. Norvegiyada esa yaqindan boshlab 6 soatlik ish kuni joriy qilingan: mehnat unumdorligi ham zarracha pasaygani yo‘q, xodimlar ham oilasi davrasida to‘laqonli dam olish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda.

U yerlarda odamlarning bari o‘ta noqulay bo‘lgan shimoliy iqlimga qaramasdan, oilasi bilan tez-tez tabiat qo‘yniga chiqib turishadi, sport bilan shug‘ullanishadi, sayohat qilishadi. 

3. Xonadon mehri

Daniyaliklarda uydagi shinamlik hamda qarindoshlar va do‘stlar bilan muloqotdagi mehrni anglatuvchi juda chiroyli so‘z bor — «hyugge» (hygge). Bu — juda ko‘p xushxo‘r taom va ichimliklarga to‘la stol atrofida shamlar yog‘dusi ostida va issiqqina kamin atrofida yaqinlar bilan suhbat qurish jarayoni. Hyuggeni har qanday oila uyushtira olishi mumkin, shu sababli unda dabdaba va manmanlikdan asar ham yo‘q. Hyugge — bu jipslik, shinamlik, yaqinlarning qo‘llashi va e'tiborini bildiradi.

Boz ustiga, «hyugge» so‘zi Oksford lug‘ati talqiniga ko‘ra, 2016 yili ishlatilgan eng mashhur yangi so‘zlar qatoridan o‘rin olgan. Ha, o‘zida butun bir falsafani jamlagan ko‘pqirrali, ajoyib so‘z.

4. Realistik umidlar

O‘zining «Daniyaliklar kabi baxtli bo‘l» kitobida Malin Ryudal xalqining baxt retsepti bilan o‘rtoqlashadi. Eng muhim sirlardan biri, deya u xalqning realistik, amalga oshirsa bo‘ladigan umidlarni shakllantirish qobiliyatini tilga olgan, biroq bu holda ham inson orzu qilish va o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘yishdan og‘ishmasligi kerak, deydi. Lekin o‘ylab ko‘ring, siz o‘zingizdan ham, atrofingizdagilardan ham qandaydir katta narsa istaganingiz uchun umidlaringiz chippakka chiqib, necha marta ko‘nglingiz g‘ash bo‘lgan? Binobarin, do‘stlarimiz va yaqinlarimizdan qandaydir bajarish qiyin narsalarni umid qilmasakkina xursand bo‘lib yurish uchun sabablarimiz ko‘payaveradi. 

O‘zingizni boshqalar bilan solishtiraverish ham baxt sari eng yaxshi yo‘l emas. Ijtimoiy tarmoqlardan to‘xtovsiz axborotlar yopirilayotgan asrda ko‘pincha nimagadir ulgurmayotgandek, yanada yaxshiroq, sifatliroq yashash mumkindek tuyuladi — ehtimol, ba'zan bu poygani to‘xtatib, o‘zimizda mavjud narsalar bilan quvonishni o‘rganish kerakdir. Skandinavlar o‘ziga nisbatan kamroq natijalarga erishganlar bilan taqqoslanish samaraliroq, deb hisoblashadi, lekin shu holda ham ular hech qachon o‘zlarini o‘zgalardan baland qo‘yishmaydi.

Mavzuga oid