Jahon | 16:34 / 01.05.2017
8808
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Duterteni Oq uyga taklif qilgani uchun tanqid qilindi

Foto: Reuters

AQSh Davlat departamenti va Milliy xavfsizlik kengashi Donald Trampning Filippin yetakchisi Rodrigo Duterteni Oq uyga taklif qilgani haqidagi bayonotidan tashvishda. Amerika rahbari bu qarorni mustaqil ravishda qabul qilib, uni o‘zining tashqi ishlar vazirligi bilan muhokama qilmagan. Endi esa Davlat departamenti huquq himoyachilari tomonidan tanqidlar "to‘lqini"ni kutmoqda, prezident ma'muriyatida esa qarorni Trampning mehmondo‘stligi bilan oqlashga harakat qilishmoqda. 

Gap shundaki, Tramp Duterte bilan "do‘stona" ruhda o‘tgan telefon suhbatida Filippin rahbarini Oq uyda qabul qilishga tayyor ekanini aytgan. 

"Prezident Tramp Rodrigo Duterteni Oq uyga AQSh va Filippin o‘rtasidagi alyansning ahamiyatini muhokama qilish uchun taklif qildi", - deyiladi Oq uy matbuot xizmatida. 

Tramp mazkur qarorni qabul qilishda Dutertening G‘arbdagi mavqeiga e'tibor bermadi. Prezident Yevropa siyosatchilari va huquq himoyachilari giyohvand moddalarni sotuvchilar bilan kurash bahonasida o‘z fuqarolarini ommaviy qirishda ayblayotgan kishini Vashingtonga taklif qilgani to‘g‘risida o‘ylab ham o‘tirmadi. 

Shu munosabat bilan Human Rights Watch'da Tramp mahalliy hukumat qo‘lidan halok bo‘layotgan filippinliklar o‘limi uchun ma'naviy javobgar ekani aytildi. 

Senator-demokrat Kristofer Myorfi ham shu mazmunda fikr bildirdi. "Real vaqt rejimida biz Amerika inson huquqlari institutining kulga aylanayotganini kuzatmoqdamiz", - deb yozadi u o‘z Twitter'ida. 

Prezident ma'muriyatida Trampning qarorini oqlashga urinib, Shimoliy Koreya tahdidi qarshisida barcha ittifoqdoshlar bilan birlashish zarurligi ta'kidlandi. 

Ta'kidlash joizki, Donald Tramp Filippin yetakchisining giyohvandlikka qarshi qat'iy choralarini tanqid qilmaydi. Tramp AQSh prezidenti lavozimiga tayinlanganidan keyin Dutertega uning kampaniyasida muvaffaqiyatlar tilagan. 

Mavzuga oid