Jahon | 08:05 / 02.05.2017
13968
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Tramp va Abe Putin haqida maxfiy muloqot o‘tkazishgan

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp va Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe telefon orqali maxfiy muloqot o‘tkazishgan. 1 mayda o‘tgani taxmin qilinayotgan muloqotni na Vashington, na Tokio tasdiqladi. Bu haqda hukumatdagi manbalarga iqtibos keltirgan holda Nikkei nashri xabar bergan. 

Nashrning ta'kidlashicha, muloqot bo‘lib o‘tganini yuqori lavozimdagi mansabdor shaxslar tan olishgan. Biroq muloqot davomida muhokama qilingan mavzular haqida hech qanday tafsilot yo‘q.  

Nashrning taxminicha, muloqot davomida Shimoliy Koreya atrofidagi vaziyat muhokama qilingan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, ikki yetakchi Pxenyan 29 aprelda o‘tkazgan raketa sinovini, Yaponiya qurolli kuchlarining AQSh kemalarini himoyalashi haqida suhbatlashgan bo‘lishlari mumkin. 1 mayda bunday ilk vazifani bajarish uchun Yaponiyaning "Idzumo" vertolyot tashuvchi kemasi yo‘l oldi.

Yaponiyaning boshqa bir nashri Asahi’ning ta'kidlashicha, muloqot yarim soatga yaqin davom etgan. Uning ma'lumotlariga ko‘ra, suhbat davomida Abening aprel oxirida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvi muhokama qilingan bo‘lishi mumkin. Nashrning taxminicha, muloqot uchinchi tomonga taalluqli bo‘lgani sabab uning bo‘lib o‘tgani rasman tasdiqlanmagan.    

Mavzuga oid