Fan-texnika | 10:47 / 03.05.2017
10834
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda robot 14 soat ichida imorat barpo etdi

AQShning Massachusets texnologik institutida MIT Media Lab laboratoriyasining Mediated Matter guruhi olimlari uylar qura oladigan Digital Construction Platform (DCP) robotlashtirilgan tizimini yaratdilar. Bu haqda The Verge portali xabar bermoqda. 

Ta'kidlanishicha, DCP mohiyatan, gusenitsali asosdagi manipulyator-qo‘lli ulkan richagdir. Manipulyatorni turli asboblar, jumladan montaj ko‘pigi uchun to‘pponcha, payvandlash qurilmasi, eritilgan plastmassani siqib chiqaruvchi "termoplastik ekstruder", shprits-to‘pponcha va hattoki oddiy chelak bilan ham jihozlash mumkin.

Uy qurish texnologiyasi 3D-bosmaga o‘xshash bo‘lib, bu holatda nasadkali manipulyatordan foydalaniladi. Buning evaziga esa turli o‘lchamdagi uylarni qurish mumkin. Turli nasadkalardan foydalanib, binoni qurish uchun material sifatida shisha, muz, shag‘alni qo‘llash mumkin.

3,7 tonnalik qurilmani yaratish uchun 250 ming dollar sarflandi. Robotning original shassisi dizel dvigatel bilan ta'minlangan, biroq olimlar qurilmani o‘zini ta'minlay oladigan qilish uchun quyosh batareyalari va elektroprivodni quvvat bilan ta'minlovchi akkumulyator bloklari bilan jihozlashdi.

Qurilmaning ishlashini isbotlash maqsadida olimlar bazaviy strukturani (beton quyiladigan shakl) qurish prototipidan foydalanishdi. Bu prototip diametri 15,2 metr va balandligi 3,7 metrga teng gumbaz shaklidagi devordan iborat. Bu prototipni barpo etish uchun robotga 14 soat talab qilindi.

Olimlarning aytishicha, robot yordamida uylarni arzonroq va tezroq qurish mumkin. Bunda binoning ichki tuzilishi istalgan vaqtda o‘zgartirilishi, qurish jarayonida qo‘llanilayotgan materiallar, ularning zichligini, izolyatsiyani va boshqa xususiyatlarni  o‘zgartirish mumkin.

Mavzuga oid