Jamiyat | 19:59 / 06.05.2017
9452
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda noma'lum kimsa 15 soniya ichida 3 mln dollarlik suratni yaroqsiz holga keltirdi

AQShda 2 may kuni noma'lum jinoyatchi rassom Kristofer Vulning "Nomsiz 2004" deb atalgan, 3 mln dollar turadigan suratini yaroqsiz holga keltirdi. Ushbu holat Aspendagi (Kolorado shtati) Opera galereyasidagi kuzatuv kamerasiga muhrlanib qolgan. 

Qora ko‘zoynak va kepkada bo‘lgan erkak surat yoniga kelib, uni pichoq bilan kesib tashlagan. So‘ngra galereyadan qochib chiqib ketgan. Erkak umumiy hisobda galereyada 15 soniyadan kamroq vaqt bo‘lgan. Hozircha erkakni ushlash va shaxsini aniqlashga muvaffaq bo‘linmagan. 

Aspen Times nashriga galereya egasi Gregori Laxmining ma'lum qilishicha, surat deyarli yaroqsiz holga kelgan, biroq hali ham ko‘rgazma zalida qolmoqda.

Laxmi assistentining qo‘shimcha qilishicha, galereyada mashhur rassomlar Pablo Pikasso va Mark Shagalning ijodi namunalari bo‘lishiga qaramasdan, jinoyatchi aynan shu suratni nishonga olgan.  

Muzey xodimlari voqea sodir bo‘lishidan bir necha hafta oldin ularga g‘alati qo‘ng‘iroqlar bo‘lganini eslab o‘tishdi. Qo‘ng‘iroq qilganlar surat haqiqatan ham galereyada ekanligini bilishmoqchi bo‘lishgan.

Mavzuga oid