Tirik odam “bedarak ketgan” bo‘lishi mumkinmi: chiroqchilik Ikkinchi jahon urushi qatnashchisining o‘kinchi
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va faxriylariga bo‘lgan munosabat O‘zbekiston mustaqillikka erishgach Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan keskin o‘zgardi. Albatta, ijobiy tomonga. Har yili “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan ular uchun yangi qarorlar, farmonlar imzolandi, imkoniyatlar taqdim etildi. Aytish mumkinki, bu xayrli ishlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ham davom ettirilmoqda.
Ammo tahririyatimizga kelib tushgan murojaatlardan biri bir tomondan juda qayg‘uli va juda hayratlanarli. Unda tilga olinishicha, Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidan bo‘lgan fuqaro 1941 yilda urushga ketadi. Urush tugagach, yana armiya xizmatida bo‘ladi. Bu orada uning oila a'zolariga uning bedarak ketgani haqida maktub kelib tushadi. Vaqt hamma narsaga davo. Bora-bora qarindoshlar bu shum xabarga ko‘nikib qolishadi. Kunlardan bir kun u uyga qaytib keladi va shundan buyon to bugunga qadar uning ismi barcha yerda – Toshkent va Qarshidagi Xotira maydonlaridagi kitoblarda ham, hokimiyat va boshqa tashkilotlar ro‘yxatida ham “bedarak yo‘qolgan”ligicha qolib ketdi. Quyida boboning nabirasi tomonidan tahririyatimizga yo‘llangan maktubni havola etamiz.
“Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi “Beshchashma” MPT, Mirzato‘p qishlog‘ida yashovchi Xidir buva Eshaliyev 1926 yil tug‘ilgan. 1944 yil harbiy xizmatga chaqirilgan. O‘sha yilning 12 aprelidan sobiq ittifoq armiyasining 125-zenit polki tarkibida 1945 yilning 9 mayiga qadar nemis-fashistlariga qarshi kurashgan. G‘alaba qo‘lga kiritilgandan so‘ng 1949 yilning 4 dekabrigacha Qizil bayroqli Boltiq floti tarkibidagi 90648-sonli harbiy qismda o‘qchi vazifasida xizmat qilgan.
Lekin o‘sha davrning taloto‘plarida nimadir bo‘lib, bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kirib qolgan. 1949 yil harbiy xizmatdan qaytib kelib, Chiroqchi tumani harbiy bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa-da, bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida turavergan. Qarshidagi va Toshkentdagi Xotira maydonida hamda Qashqadaryo xotira kitobida ham bedaraklar ro‘yxatida turibdi...
Uni bayramlarda, tantanalarda hech kim yo‘qlamaydi. Chunki 1944 yil bedarak ketgan degan xat kelgan. “Kattalar”ning ko‘zining oldida 68 yildan beri yashab-ishlab yurgan bo‘lsa ham bedarak. Chunki 44-yil shunday xat kelgan. Bobo hozir 91 yoshda. Buni qarangki, bedarak ketgan degan odam qaytib kelsa, yana 68 yil yashasa, uylansa, bolali-chaqali, nevara-chevarali bo‘lsa...kim o‘zi u odam, deb so‘raydigan odam bo‘lmasa...
Xidir boboning nevarasi Ilhom Eshaliyev”.
Biz boboning nabirasi bilan uchrashdik. Uning aytishicha, Xidir bobo o‘ta kamsuqum, yuqoridagi ishlarga shu paytgacha ahamiyat bermay yurgan, bir inson sifatida hayot kechirgan insonlardan biri. Ammo bobo kunlardan bir kun to‘lqinlanib ketadi, ko‘ziga yosh olib yig‘laydi. “Yoshligimning eng chiroyli damlari qon kechib, janglarda o‘tdi. Boshimdan juda ko‘p qiyinchiliklarni o‘tkazdim. Lekin kim yoki nima uchun??? Meni hamon bedarak ketgan deb yurishibdi. Birov holimdan xabar olmaydi. Menga mol-davlat kerakmas, shu davlatim meni eslasin deyman”, o‘kinadi.
Boboning nabirasi Ilhom Eshaliyev tahririyatimizga murojaat qilish bilan birga Prezident virtual qabulxonasiga ham murojaat qiladi. Buni qarangki, boboni yo‘qlab kelishadi. Unga sovg‘a ulashishadi (fotosuratlardagi quti). Ammo Ilhom Eshaliyevning aytishicha, gap sovg‘ada, aniqrog‘i, moddiy manfaatda emas. Hujjatlarda hammasi risoladek bo‘lishi zarur. Uning Chiroqchi tuman hokimiyati va boshqa mutasaddi tashkilotlariga qilgan murojaatlari samarasiz qolgan. “2011 yil Prezident devoniga qilingan murojaatdan so‘ng uch-to‘rt kun “yugurib” qolishgandi. Lekin hech narsa qilib berishmadi, o‘shanda ko‘zbo‘yamachilik bo‘lgandi”, deydi boboning nabirasi Ilhom Eshaliyev.
Nazarimizda, bu masala markazida ulkan mantiqsizlik yotibdi. Boboning pasporti, harbiy guvohnomasi, urushda olgan medali bor, ammo u hamon “bedarak”. Xidir boboning qarindoshlari tomonidan Rossiya Federatsiyasiga yuborilgan murojaatga ko‘ra, Rossiya harbiy qo‘mondonligi Xidir Eshaliyevni haqiqatda ham o‘sha yillari urushda qatnashganini, undan keyin yana harbiy xizmatda bo‘lganini tasdiqlagan va bu haqda zarur ma'lumotnoma taqdim etgan. Xullas gaplar ana shunaqa...
O‘zbek xalqi keksa avlodni doim ardoqda, e'tiborda tutib kelgan, hurmatini joyiga qo‘ygan. Xalq xizmatida bo‘lgan, olis o‘tmish yo‘lini bosib o‘tgan bunday kishilarni hech kim dilini og‘ritishga botinmagan, aksincha duosini olishga intilgan. Xidir bobo Eshaliyevning bu muammosi hal etilsa, ham savob bo‘lardi, ham bir kishining qadri tiklanardi, ham haqiqat qaror topardi.
Sarvar Anvar o‘g‘li
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
16:21 / 06.10.2024
Urushda nemislar tomonida turib jang qilgan sotqin guruhlar
16:28 / 23.08.2024
Molotov-Ribbentrop paktiga 85 yil: sovetlar nega hitlerchilar bilan hamkorlik qilgandi?
15:52 / 09.06.2024
Ikkinchi jahon urushidagi eng yirik sotqinlik – general Vlasov nega o‘z armiyasi bilan nemislar tomonga o‘tib ketgandi?
18:08 / 28.03.2024