Jahon | 23:14 / 07.05.2017
5822
2 daqiqa o‘qiladi

"Gazprom" "Turk oqimi"ning dengiz qismi qurilishini boshladi

Foto: RIA

"Gazprom" "Turk oqimi"ning dengiz qismi qurilishini boshladi, deb xabar berdi 7 may kuni RIA “Novosti” axborot agentligi.   

"Loyiha rejaga qat'iy amal qilingan holda bajarilmoqda va 2019 yil oxirigacha bizning turkiyalik va yevropalik iste'molchilarimiz Rossiya gazini import qilish uchun ishonchli yo‘nalish oladilar", deb aytgan kompaniyaning boshqaruv raisi Aleksey Miller.

Gaz quvuri qurilishi Rossiya prezident Vladimir Putin va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning 3 maydagi uchrashuvidan 4 kun o‘tib boshlandi. Uchrashuvda tomonlar "Turk oqimi" qurilishi bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishgandi.

O‘shanda Miller Putinga kompaniya quvurning dengiz qismi qurilishini boshlashga tayyorligini ma'lum qilgandi.

Rossiya va Turkiya o‘rtasida "Turk oqimi" gaz quvurini qurish kelishuvi ratifikatsiyasi haqidagi qonun 7 fevralda imzolangandi. Uning amalga oshirilishiga Rossiya tomondan "Gazprom", Turkiya tomondan "Botash" kompaniyasi javob beradi. Kelishuvning amal qilishi muddati 30 yil va uni keyingi 5 yillik davrlarga cho‘zish mumkin.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid