O‘zbekiston | 17:20 / 07.05.2017
33095
7 daqiqa o‘qiladi

«Bilmayman». Vazirlik matbuot xizmatida ishlash uchun nimani bilish kifoya?

2 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «2017 yil 6 may shanba dam olish kunini 2017 yil 8 may dushanba kuniga ko‘chirish to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekdi. Qarorga ko‘ra, 2017 yil 6 may shanba dam olish kuni 2017 yil 8 may dushanba kuniga ko‘chirildi va ish kuni deb hisoblandi, 2017 yil 8 may dushanba kuni dam olish kuni deb e'lon qilindi.

Prezident qarori bilan hammasiga oydinlik kiritilgandek go‘yo: kim qachon dam oladi. Ammo tegishli vazirlik va idoralarda qarorni tushunishmagan ko‘rinadi. Bunday yozilishiga sabab bor.

Kun.uz tahririyatga kelib tushgan ko‘plab murojaatlar tufayli Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi, Xalq ta'limi vazirligi va Mehnat vazirligiga qo‘ng‘iroq qilib, ushbu masala yuzasidan aniq ma'lumot olishni istadi. Ya'ni OTM, kollej va litseylar talabalari, maktab o‘quvchilari ham dam oladimi yoki yo‘q? Afsuski, bu urinishlar samarasiz bo‘ldi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligidagi hay'at kotibi bu borada aniq ma'lumotga ega emasligi, masalani o‘qish joyining o‘zidan so‘rash kerakligi, u yerda qanday tartib o‘rnatilgan bo‘lsa shunday amalga oshishini aytib o‘tdi. Ayniqsa bir gap bokschining nokautidek ta'sir qildi: «Bilmadim, ko‘chirildi shekilli». Tushunarsizlik davom etdi. 

Mehnat vazirligi matbuot xizmati bilan ham bog‘lanildi. U yerdagi xodim esa o‘zining asosiy vazifasi matbuot bilan ishlash, jurnalistlarga kerakli ma'lumotni yetkazish ekanini yodidan chiqarib qo‘ygani ma'lum bo‘ldi: u boshqa bo‘lim telefon raqamini berishi mumkinligi, u yerdagilar masalaga oydinlik kiritishlari haqida aytib o‘tdi. Va u bu so‘zlarni shu qadar bepisandlik bilan aytdiki, u jurnalistning qaytib qo‘ng‘iroq qilmasligini istayotgani sezilib turardi. Boshqa xodimlar ham buni aniq bilmasliklari aniqlandi, ular umuman jurnalist nima xohlayotganini tushunishgani ham yo‘q. Go‘yoki «bizning hech narsadan xabarimiz yo‘q, o‘zi sizga bizdan nima kerak?» qabilidagi javoblar qaytarildi.

Shu o‘rinda Mehnat vazirligi haqida alohida to‘xtalib o‘tish lozim. Bu vazirlikning matbuot xizmati umuman haddan tashqari darajada, ya'ni bu daraja nolga teng. Har gal bu xizmat bilan bog‘lanilganida, tegishli ma'lumot olish igna bilan quduq qazishdek gap. Jurnalistlar ma'lumot olishdagi eng katta muammoga aynan shu vazirlikda duch kelishlari ko‘p bora sinalgan. 

Tahririyat yuqoridagi masala yuzasidan esa Xalq ta'limi vazirligi va O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazidangina aniq javob oldi. Bu ham tinimsiz qo‘ng‘iroqlar evaziga amalga oshdi. 

Aytilishicha, maktab hamda kollej va litseylarda dushanba kuni dam olish kuni bo‘ladi. Dushanba kungi darslar keyingi mashg‘ulotlar davomida o‘tkaziladi. Lekin shu oddiygina javobni olish uchun yarim kun vaqt ketgani kishini o‘ylashga chorlaydi. 

Oddiy savol tug‘iladi. Tegishli vazirliklar matbuot xizmatidagi tepsa tebranmas xodimlarni ushlab o‘tirish, ular hech narsa qilmasa ham davlat byudjyetidan maosh to‘lash kerakmikan? Matbuot xizmati tizimi O‘zbekistonda o‘zi qachon rivojlanadi? 

Prezident qarorida belgilab berilgan ma'lumotni o‘z saytida e'lon sifatida berib, OTMlar yoki kollej va litseylar, maktablarda ham dam olish kuni bo‘lishini aholiga tezkorlik bilan yetkazish kerakligi yosh bolaga ham tushunarli bo‘lsa kerak. Aftidan, vazirlik xodimlari bu haqda o‘ylamagan ham. Bu borada xalqqa, yoshlarga ma'lumot berishni muhim, deb hisoblashmagan shekilli.

E'tibor beriladigan bo‘lsa, qaysidir bir bayram munosabati bilan Prezident ish kunlarini o‘zgartirish orqali aholiga qo‘shimcha dam olish kunlarini belgilab berganida har doim shunday vaziyat yuzaga keladi. Tegishli vazirliklardan tayinli javob olish misli ko‘rilmagan «jang maydoniga» aylanib ketadi. Go‘yo ular mudofaada, jurnalistlar esa hujumda. G‘olib yo‘q, mag‘lub esa tabiiyki fuqarolar.

«U bilan gaplashing», «biz bu haqda biron narsa deya olmaymiz», «boshliq nima desalar shu» kabi javoblardan jurnalistlar ham bora-bora ularga qo‘ng‘iroq qilishga og‘rinib qolishmasa, oxir-oqibat ular ham «shekilli», «bilmadim» yoki «menga nima, dam bo‘lsa dam-da» kabi ishlashga o‘rganib qolishmasa bo‘ldi ishqilib.

Xalq bilan muloqot birinchi o‘ringa olib chiqilgan ayni paytda aholining oddiy savoliga ham javob berishni ep ko‘rmaydigan ba'zi o‘ziga bino qo‘ygan vazirlik xodimlarini qanday qilib haqiqatan ham ishlashga o‘rgatish mumkin? Har bir inson, ayniqsa, davlat idorasida mehnat qilayotgan har bir xodim tinimsiz ishlaydigan, o‘z xalqi farovonligi uchun peshonasidan ter to‘kib harakat qiladigan davrda yuqorida aytilgandek tepsa tebranmas shaxslarning borligi g‘oyat achinarli.

P.S. Maqola qaysidir vazirlikning kamchiligini topish maqsadida yozilgani yo‘q. Shunchaki davlat idoralaridagi matbuot xizmatlarining «g‘oyat sermahsul» faoliyatiga bir qur nazar solindi va aniq holat yuzasidan bu borada fikr bildirildi. Bugungi kunda matbuot xizmatidagilar ishni saytga kunora maqola chiqarib qo‘yish va "Feysbuk" sahifasida ba'zi xabarlarni «repost» qilib qo‘yishdan iborat deb o‘ylashmoqda yoki ularning salohiyati faqat shunga yetadi. Darvoqe, aksariyat vazirliklar saytlarida yangiliklar va ma'lumotlar birinchi bo‘lib rus tilida berilishi haqida keyinchalik alohida maqola taqdim etiladi. Bu ham milliy jurnalistika uchun og‘riqli masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekistonda xodimlar dam olish kunini o‘z hisobiga sotib olishdimi yoxud Mehnat vazirligi nega jim?

Mavzuga oid