Sport | 17:53 / 11.05.2017
12729
4 daqiqa o‘qiladi

Hasanboy Do‘stmatov: “Ringda turib, vatandoshlarim quvvatlayotganini his etdim”

Foto: Kun.uz

Joriy yilning 30 aprel – 7 may kunlari Toshkentdagi “O‘zbekiston” universal sport majmuasida Xalqaro boks assotsiatsiyasi – AIBA musobaqalar taqvimiga kiritilgan kattalar o‘rtasida Osiyo birinchiligi bo‘lib o‘tdi. Aytish mumkinki, ushbu musobaqa nafaqat barcha o‘zbekistonliklarning, balki dunyo ahlining ham diqqat-eʼtiborida bo‘ldi. Bunga o‘ziga yarasha sabablar bor edi, albatta. Chunki Rio-2016 O‘yinlarida olamshumul jang o‘tkazgan o‘zbek bokschilari o‘z uylarida o‘tayotgan musobaqada qanday natijaga erishishi barchani birdek qiziqtirdi va aytish mumkinki,bu qiziqishlar, ishonch va niyatlar to‘la o‘zini oqladi. O‘zbekiston terma jamoasi 10ta oltin medal imkoniyatidan 9tasini qo‘lga kiritib, Osiyoda yangi rekord qayd etdi. 

Rio-2016 Olimpiadasi chempioni Hasanboy Do‘smatov (49 kg gacha) hal qiluvchi jangni mo‘g‘ulistonlik Gan Erdene Ganxuyangga qarshi o‘tkazdi va yakunda g‘olib chiqdi. Do‘stmatov Osiyo chempionatining o‘z vazn toifasida ikkinchi bor tengsiz bo‘ldi. U, shuningdek, turnirning eng yaxshi bokschisi sifatida tan olindi. Hasanboy ushbu boks kechasi haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlasharkan shunday dedi:

Foto: @AIBA_Boxing

“To‘g‘risini aytganda bu unutilmas daqiqalar bo‘ldi. Avvalo, O‘zbekiston bayrog‘ini yuqori ko‘tarish, shuningdek, ishonchni oqlash kabi mas'uliyat musobaqa oldidan odamni hayajonlantirar edi. Ammo ringga ko‘tarilgach, ich-ichimdan yurtdoshlarim, butun O‘zbekiston meni qo‘llab-quvvatlayotganini sezib turdim va bu dalda kuchimga-kuch qo‘shdi. O‘ylaymanki, men vatandoshlarim ishonchini yana bir karra oqladim, yurtim bayrog‘ini baland ko‘tardim. Shu o‘rinda, ushbu musobaqa tashkilotchilariga alohida minnatdorchilik bildiraman. “Sport” telekanali ushbu boks kechasining har bir jangini to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatib turdi va bu bilan O‘zbekiston boks ixlosmandlariga ajoyib janglarni taqdim etdi. Men o‘zbekistonlik barcha boks muxlislariga bizni qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun alohida minnatdorchilik bildiraman”.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston vakillari o‘z rekordini o‘rnatish bilan cheklanmasdan, Osiyo rekordini ham urishdi. Termaning eng og‘ir vazndagi vakili Bahodir Jalolov qozog‘istonlik Kamishbek Konkabayevni yengdi va to‘qqizinchi oltinni naqd qildi. Osiyo chempionatida shu vaqtgacha hech qaysi terma jamoa 9ta oltinni qo‘lga kiritmagandi. Shu kungacha Osiyo chempionatlarida ikki marta (1965 Seulda, 1987 yil Kuvaytda) Janubiy Koreya terma jamoasi 8tadan oltin medalga ega chiqqandi. O‘zbekiston Osiyo rekordini o‘rnatgan holda Germaniyadagi jahon chempionatiga boradigan bo‘ldi.

Turnirda O‘zbekiston 9ta oltin medal bilan birinchi, Qozog‘iston 1ta oltin, 3ta kumush va 4ta bronza bilan ikkinchi, Hindiston va Mo‘g‘uliston terma jamolari esa 2tadan kumush va bronza medallar bilan uchinchi o‘rinni bo‘lib olishdi.

Jahon chempionati shu yilning 23 avgustidan 4 sentabriga qadar Hamburg shahrida bo‘lib o‘tadi va unda O‘zbekiston sharafini 10 nafar bokschi himoya qiladi (10 nafar bokschi orasidan faqatgina Sanjar Tursunov chorak finalda yengilgandi. Shunga qaramay, o‘tish uchrashuvida g‘alaba qozongan Tursunov ham Germaniyada o‘tadigan Jahon chempionati yo‘llanmasiga ega chiqqan).

Mavzuga oid